Ta’lim | 07:50 / 13.08.2025
7068
2 daqiqa o‘qiladi

O‘qishni davlat oliygohlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanasi belgilandi

Xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni davlat oliygohlariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari sanasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Talabalar o‘qishini xorijiy davlatlardagi oliygohlardan, shuningdek, O‘zbekistondagi xorijiy va nodavlat oliygohlaridan davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha test sinovlari 18-19 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi.

Test sinovlari ikki smenada tashkil etiladi va 1-smenada 8:00 dan 11:00 ga qadar, 2-smenada 15:00 dan 18:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi.

Test sinovlari 2 ta mutaxassislik va 3 ta majburiy fan bo‘yicha o‘tkaziladi hamda talabgorlarga mutaxassislik fanlarida 30 tadan, majburiy fanlarda 10 tadan - jami 90 ta test topshirig‘i va ularni ishlash hamda javoblar varaqasiga ko‘chirish uchun 3 soat vaqt beriladi.

Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytidan olishi mumkin. Talabgorlar test sinovi o‘tkaziladigan binoga ruxsatnomada belgilangan vaqtdan kechikmasdan, pasport (ID-karta) va ruxsatnoma bilan kelishi lozim.

Avvalroq, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025/2026-o‘quv yili uchun xorijiy va nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan talabalar o‘qishini respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish bo‘yicha o‘tkaziladigan maxsus sinovlar bo‘yicha o‘tish ballari tasdiqlangan edi.

Mavzuga oid