Iqtisodiyot | 13:41 / 14.08.2025
3168
4 daqiqa o‘qiladi

Mobiuz’ga 15 ta xalqaro va mahalliy kompaniya qiziqish bildirdi – Davaktiv

AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 investor Mobiuz’ni sotib olishga qiziqish bildirgan. Ommaviy savdolar joriy yilning iyun oyida boshlangan – bunda kompaniyaning 100 foiz ulushi sotuvga qo‘yilgan va hukumat ushbu xususiylashtirish orqali 300 mln dollar jalb etishni maqsad qilgan.

Foto: Mobi.uz

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Universal Mobile Systems” (Mobi.uz brendi) uyali aloqa operatorini xususiylashtirish jarayonlari borasida ma’lumot berdi.

Ommaviy savdo jarayoni joriy yilning iyun oyida boshlangan. Strategik va moliyaviy maslahatchilar sifatida jalb etilgan KPMG va Rothschild & Co ikki oy davomida 100 dan ortiq potensial investorlar bilan muzokaralar olib bordi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, belgilangan muddat — 2025 yil 1 avgust soat 18:00 (Toshkent vaqti)ga qadar AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 ta kompaniyalardan (xorijiy va mahalliy) aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish to‘g‘risidagi arizalar konsultantlarga kelib tushgan.

Murojaatlar belgilangan mezonlarga muvofiqligi, jumladan, moliyaviy imkoniyatlarning yetarliligi, huquqiy to‘siqlar mavjud emasligi, jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya qilish holati, Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlari sanksiyalari ro‘yxatlariga kiritilmaganligi, davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligi tekshirilgan.

Talabgorlar tenderning keyingi bosqichi - majburiyatga ega bo‘lmagan takliflarni taqdim etishga o‘tkazishga tavsiya qilingan.

 Ariza beruvchilar bilan axborotni oshkor etmaslik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanadi, shundan so‘ng ular axborot memorandumi va aktiv haqidagi boshqa ma’lumotlarga kirish huquqiga ega bo‘ladi. 

 Konsultantlar tomonidan Majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar 2025 yil 15 oktyabr soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar qabul qilinadi.

Mobiuz’ning xususiylashtirilishi haqida

Mobiuz – O‘zbekistondagi to‘rtinchi yirik mobil operator hisoblanadi. BMI (“Fitch Solutions” bo‘limi) ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil yakunida O‘zbekiston mobil bozorida 35,6 mln abonent bo‘lgan, Mobiuz bu bozorning 20,9 foiz ulushiga ega.

Mobiuz 2024 yilda 164 mln dollar sof daromad va 41 mln dollar EBITDA ko‘rsatkichini qayd etgan.

Kompaniyaning xususiylashtirilishi 2025 yil iyun oyida e’lon qilingandi, kompaniyaga Qatar, Saudiya Arabistoni, Ozarboyjon va Yevropa investorlari tomonidan dastlabki qiziqish bildirilgan.

Iyul oyida Bloomberg nashri O‘zbekiston hukumati Mobiuz’ni xususiylashtirish orqali 300 mln dollar jalb etishni maqsad qilgani haqida xabar berdi. Davaktiv bunga izoh bermadi, lekin o‘z kanalida maqolaning asosiy tezislarini e’lon qildi.

Kun.uz Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ushbu xususiylashtirish dasturi borasida ayrim savollarni yuborgandi. Ammo agentlik qariyb 1 oydan beri tahririyatning quyidagi savollariga javob bermadi:

• Agentlikning Bloomberg maqolasidan asosiy tezislarni e’lon qilishdan maqsadi nima edi?

• Mobiuz’ning narxi borasida Davaktivning mo‘ljali 300 mln dollarga teng yoki undan ko‘p ekaniga aniqlik kirita olasizmi?

• Potensial xaridorlar uchun 9 iyun kungi rasmiy e’londa sanab o‘tilgan talablardan boshqa strategik shartlar (modernizatsiya uchun investitsiya kiritish, xizmat sifati, ish o‘rinlarining saqlanishi kabi) ham bormi?

• Xususiylashtirishda Rothschild & Co agentligining ishtiroki nimalardan iborat?

• 2013 yilgi Ms bilan bog‘liq musodara va milliylashtirish holatlari xorijiy investorlar bilan kommunikatsiyada qanday tushuntirilmoqda?

Mavzuga oid