Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«U kelyapti, men borganim yo‘q» – Alyaska sammiti kimga ko‘proq kerak?
Azizlar, Tramp va Putin uchrashadigan joy aniq bo‘ldi. Ular ikkisi Alyaska shtati Ankorej shahrida joylashgan harbiy bazada ko‘risharkan. Shuningdek, bu uchrashuv atrofida yangi gaplar chiqdi. Amerika tomoniga ko‘ra, uchrashuv o‘tkazishni Putin so‘ragan ekan. Quyida shu haqda.
Bu uchrashuv atrofidagi kichik detallar ham tahlil qilinishi tabiiy, chunki Tramp va Putin o‘rtasidagi muzokara natijasi butun dunyo hayotiga ta’sir qiladi. Biz faqat ochiq manbalar e’lon qilgan ma’lumotlarni tahlil qila olamiz xolos. Shu ochiq ma’lumotlar ham ko‘p narsadan darak beradi.
Masalan, uchrashuv joyining o‘zi uning kimga ko‘proq kerak ekanini ko‘rsatadi. Tramp ham shunga e’tibor qaratdi. «Putin uchrashish uchun Amerikaga kelyapti, men borganim yo‘q», dedi AQSh prezidenti. Chindan shunaqa, tuyaga yantoq kerak bo‘lsa, bo‘ynini cho‘zadi. To‘g‘ri, Tramp ham Alyaskaga butun boshli Kanada ustidan uchib boradi, lekin fakt shuki, uchrashuv Rossiyada emas, Amerikada o‘tadi. Bu esa uchrashuvni ko‘proq Rossiya prezidenti Putin istaganidan nishona. Amerika tomoni aynan shunga – uchrashuv Rossiyaga ko‘proq kerak ekaniga urg‘u berishga intilmoqda.
Trampning matbuot kotibi Kerolayn Levittga ko‘ra, uchrashuv o‘tkazish haqida Putin so‘ragan. Shuningdek, Levitt xonim uchrashuv Tramp uchun «tinglash mashqi» bo‘lishini aytdi, aftidan, unda asosan Putin gapirishiga ishora qilib.
«Prezident bu uchrashuvga prezident Putinning iltimosiga ko‘ra rozi bo‘ldi. Uni o‘tkazishdan maqsad urushni qanday tugatish bo‘yicha aniqroq xulosaga kelish», degan Oq uy rasmiysi.
Demak, Tramp bilan uchrashuv o‘tkazish haqida Putin so‘ragan. Har holda Amerika tomoni shunaqa deyapti. Joyni ham Amerika tanlagan. Va Putin birgina uchrashuv uchun Alyaskaga borib kelishga rozi bo‘lgan. Demak, Tramp siyosatdan yiroq milliarder do‘sti Uitkoff orqali Putinga yetkazgan sharti Moskva uchun og‘riqli bo‘lgan. Yoki Rossiya Tramp anons qilgan ikkilamchi sanksiyalardan jiddiy zarar ko‘rishini hisoblab chiqqan. Bo‘lmasa Putin Tramp bilan uchrashish uchun ovora bo‘lib Alyaskagacha bormasdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 1 avgust kuni sodiq do‘sti Lukashenko bilan cherkovdagi kunda ustida o‘tirib Trampning ultimatumiga «Biz «Oreshnik»ni seriyali ishlab chiqaryapmiz», deb javob bergan odamga besh kun o‘tib Stiven Uitkoff nima deganki, u Tramp bilan salkam Kanada chegarasida ko‘rishishga rozi bo‘lgan?
«Biz natijani tan olmaymiz»
Ukraina prezidenti Zelenskiy Alyaskada Tramp va Putin Ukraina ustidan qanaqadir qaror qabul qilsa, Kiyev buni tan olmasligini aytdi. «Ukrainani Ukrainasiz muhokama qilish mumkin emas. Ularning uchrashuvi ikki tomon uchun muhim bo‘lishi mumkin, lekin bizning ishtirokimizsiz Ukraina borasida hech qanday qaror qabul qila olishmaydi. AQSh prezidenti buni tushunadi va hisobga oladi deb umid qilaman», dedi Zelenskiy.
Bu gapning tarjimasi shunday bo‘ladi: «Janob Tramp, do‘stingiz Putin bilan xohlagan ishingizni qiling, xohlasangiz golf o‘ynang, xohlasangiz hokkey bo‘yicha o‘rtoqlik o‘yinini kelishing, lekin bizning ustimizdan o‘ktamlik qilmang, mamlakatimiz taqdirini bizsiz hal qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz».
Aytgancha, «ustimizdan o‘ktamlik qilmang» degan iborani ustozimiz Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanidan oldik. Romanda O‘rda muftiysi mirzo Anvarga unashtirilgan qizni xonga cho‘rilikka so‘rab sovchilikka boradi-da, keyin bezbetlarcha «ustingizdan o‘ktamlik qildik», deydi tirjayib.
Bilasizmi, sevimli romanimizdagi va hozir urushdagi holat aslida juda o‘xshash. Birida mag‘rur bir yigitning, boshqasida qo‘shnisiga bo‘ysunishni istamayotgan davlat taqdirini uning xabari bo‘lmay hal qilmoqchi bo‘lib, «ustingizdan o‘ktamlik qildik, qabul qiling», deyishadi. Har ikki holatda ham mazlum tomon uchun o‘rtaga voz kechib bo‘lmas muhabbat tikilgan: birida sevikli yor, birida sevikli vatan. Mag‘rur yigit-ku isyon qilib bo‘lsa-da vaziyatdan chiqib ketadi. Ko‘ramiz, qo‘shnisiga bo‘ysunishni istamayotgan davlat bu ustidan qilinayotgan o‘ktamlikni qanday yengib o‘tarkin...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
22:15 / 04.12.2025
BRICS yagona valutasini joriy etishga shoshilishdan ma’no yo‘q – Putin
15:45 / 04.12.2025
Neft, qurol va geosiyosat. Putin nega Hindistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda?
08:52 / 04.12.2025