Sport | 20:23 / 17.08.2025
5991
2 daqiqa o‘qiladi

DXX kubogi – 2025 final bosqichiga qur’a tashlandi

2021 yildan boshlab respublika yoshlari o‘rtasida futbol hamda mini-futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda.

Foto: DXX

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol hamda qizlar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqalari uch bosqichda o‘tkazilmoqda.

Birinchi bosqich tuman/shaharlar kesimida aprel-may oylarida, ikkinchi bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida iyun-iyul oylarida o‘tkazildi.

Respublika bosqichi 18-23 avgust kunlari “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida tashkil etilib, unda 42 ta jamoa g‘oliblik uchun kurashadi. Final o‘yini esa 23 avgust kuni “Jar” stadionida o‘tkaziladi. 

Respublika bosqichida – o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydoni, 2-o‘rinni egallagan jamoalar uchun universal sport maydoni (basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan), 3-o‘rinni egallagan jamoalar mahallasiga “Stritbol” (bir savatli ko‘cha basketboli) sport maydoni qurib beriladi.

Qizlar musobaqasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Ta’kidlash joiz, bu yilgi DXX kubogi musobaqalari respublika bo‘yicha 254 ming nafardan ortiq yoshlarni qamrab oldi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid