Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sho‘rpeshona kooperativlar – maxsus qonun chiqqaniga qaramasdan soha rivojlanmayapti
Dunyo amaliyotida o‘ta keng yoyilgan qishloq xo‘jaligi kooperativlari instituti O‘zbekistonda kurtak holidayoq so‘ndirilyapti. Qishloq xo‘jaligini sog‘lomlashtirish, erkin bozorga yaqinlashtirish yo‘lida muhim omil bo‘lgan kooperativchilik sun’iy to‘siqlarga uchrayapti.
Kooperativlar. Oxirgi bir necha yilda bu so‘zni juda ko‘p marta aytdim. Aytgim ham kelmay qoldi. Chunki qancha gapirilmasin, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi kooperativlari rivojlanmadi. Butun boshli Surxondaryoda masalan, shu paytgacha atigi 4 ta qishloq xo‘jaligi kooperativi ochildi. Sababi oddiy – yo‘l berishmaydi, ming bir usul bilan kooperativ tuzishga to‘sqinlik qilishadi. Nega? Chunki kooperativlar bu – mustaqil fermerlar birlashmasi, paxtani masalan, o‘z puliga yetishtiradi va tabiiyki, o‘zi sotadi. Mahalliy hokimlarning fikricha, mustaqil fermerlar ko‘payib ketsa, klasterlarga hech kim tobe bo‘lmay qo‘yadi.
Klasterlar hokimlarga nimaga kerak o‘zi? Savolga javob oddiy – o‘zingiz tushunib turgan bo‘lsangiz kerak – “tirikchilik”, sohaning va xalqning zarariga xizmat qiladigan “tirikchilik”. “Konvert” deb nomlanadi bu “tirikchilik”. Mana shunaqa sodda formula. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining taqdiri esa ularni qiziqtirmaydi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi o‘zi nima? Butun dunyoda qo‘llanadigan bir narsa. Sodda qilib aytganda, mustaqil fermerlar faoliyati samaraliroq bo‘lishi uchun kuchlarini birlashtiradi – “birlashgan o‘zar” formulasi.
Ular birgalikda urug‘, o‘g‘it, yoqilg‘ini sotib olishadi, oqibatda bu ashyolar arzonga tushadi. Qimmat texnikalarni birgalashib sotib olishadi. Yetishtirgan mahsulotlarini ham katta partiya qilib sotishadi, mayda bo‘lak qilib emas. O‘rtakashlarga chiqim qilmasdan. Moliya tashkilotlaridan birga qarzlar olish osonlashadi. Kuchni birlashtirib qayta ishlashni tashkil qilishadi. Katta ishlab chiqaruvchi sifatida narxni savdolashish imkoniyati oshadi, maydasida unaqa imkoniyat o‘ta past. Kooperativga birlashgan fermerlarning eksportga chiqishi ham osonlashadi. Katta ishlab chiqaruvchi mahsulot sifatini ham oshirishi, standartlarga amal qilishi osonlashadi.
Tabiiyki, bundan butun jamiyat yutadi – rivojlangan qishloq xo‘jaligi hammaga kerak. Kooperativlar mamlakatning yalpi mahsulotini ko‘paytiradi.
Muhim jihati – haqiqiy kooperativlarni tuzishga... manfaat chorlaydi. Topshiriq emas. Bunaqa ko‘ngilli birlashuv oqibatida katta ishlar qilinadi, zavod-u fabrikalar tabiiy ravishda yuzaga keladi – shijoatdan kuch olgan holda, buyruq bilan emas.
Yurak yutib tahririyatimizga murojaat qilgan “Hosildor oltintola” kooperativi raisi Abdurasul Haitovni tinglaymiz. U bir oydan beri muammosini hal qilolmay Toshkentda yashab turibdi, uyi uzoq Surxondaryoda bo‘lsa ham. Mazkur kooperativga 12 nafar fermer birlashib, 360 gektar maydonda paxta yetishtirgan. Ammo Agroplatforma degan resursga bu kooperativning hosili kiritilmagan. Natijada bitta rasmiyatchilik sabab kooperativ o‘zi yetishtirgan paxtani saqlashi mumkin bo‘lmay turibdi.
- Nega kooperativ tuzishga qaror qildingiz?
- Klaster o‘z vaqtida pullarimizni bermadi. Bu yilgi topshirgan paxtaning pulini kelgusi yil ham ololmadik. Aylanma mablag‘larimiz asta-sekin tugab boraverdi. Rentabellik pasayib ketavergandan keyin maslahatga keldik: kooperativ tuzmasak, bo‘lmas ekan. Paxtaning bahosi juda past, xarajatlarni qoplamaydi. Qachonki kooperativ tuzib, o‘zimiz paxtani jamg‘arib, bunt qilib, zavodlarda qayta ishlab, birja orqali o‘zimiz sotadigan bo‘lsak, yaxshi narxga sotar ekanmiz. Kooperativ tuzishga kelishayotgan paytda bizga bosimlar bo‘lishini bilgandik. Lekin qaytmay, ishlaymiz, boshqa choramiz yo‘q dedik.
- Natija qanday bo‘ldi?
- O‘z hisobimizdan 12 fermer 360 gektar yerda paxta yetishtirdik. Suvdan qiynaldik bu yil suv kam bo‘ldi.
- Hozir qanday muammolarga duch kelib turibsizlar?
- Prezidentimizning yettinchi qarori bo‘yicha kooperativlar 1 maygacha saqlash omborlarini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak edi. Ulgurmay qoldik. Ikki oy muddat bor edi.
- Nega bunaqa qisqa muddat?
- Bu savolga javob berishga qiynalaman.
- Ulgura olmasin deganday tuyulyapti-da menga.
- Qisqa muddatga qaramasdan, paxtani bunt qiladigan texnikalarni sotib oldik. Paxtani jamlaydigan yerni ijaraga oldik. GOST-standartdan o‘tkazishimiz kerak edi o‘sha sotib olingan texnikalarni. O‘tkazgunimizcha olti kun o‘tib ketdi muddatdan. Viloyat Agroinspeksiyasiga borganimizda, “endi sizlar kechikdilaring, endi bo‘lmaydi”, deyishdi. Qayta-qayta murojaat qildik. Ochiq muloqot o‘tkazildi Toshkentda. U yerda ham murojaat qildim. Muddatni 1 sentabrgacha cho‘zishni so‘radim. Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu masalani ko‘rib chiqamiz, deb va’da berishdi. “Ishlaring hal bo‘lib qoladi”, deyishdi. Shuni kutib turibmiz hozircha.
- Paxta qachon pishadi?
- Sentyabr boshida pishadi. Qisqa vaqt qoldi.
- Bitta qog‘oz hal qiladimi bu narsani?
- Shunday. Agroplatformaga kiritmasak, biz paxtani o‘zimiz maxsus punktga jamg‘ara olmaymiz.
- 360 gektar paxtaning taqdiri nima bo‘ladi, agar mana shu narsa hal bo‘lmasa?
- Bu muammo.
- Bilmaysizmi nima bo‘lishini?
- Bilmayman.
- O‘ylashimcha, sizlarni majburlashadi paxtani klasterga topshirishga.
- Shunday. Mahalliy hokimiyatlar hozirdanoq 15 kun muddat bilan berdi xat bilan, “qayta fyuchers shartnomasini tuzasizlar”, deb. Majburlashga o‘tishgan.
- Go‘yoki uyushtirilganday. Qarorning ichiga qisqa muddat kiritib, sizlarga imkon bermaslik va natijada paxtani oxir-oqibat klasterga topshirish uchun. Shunday tuyulyapti menga. Sizga-chi, sizga qanday tuyulyapti?
- Bizga ham shunday tuyuladi. Chunki buncha sarsongarchilik kimga kerak edi? O‘zimiz uchun ishlaymiz-ku. O‘zimiz uchun paxtani jamg‘aramiz. Boshqa davlatga sotolmaymiz. Qayta ishlab, uch xil, to‘rt xil mahsulot olib, birjaga qo‘yib sotmoqchimiz, xolos. Ish o‘rni ham yaratiladi.
Surxondaryo viloyati bo‘yicha to‘rtta kooperativ bor. Qumqo‘rg‘on tumanida bitta kooperativmiz. O‘gayga o‘xshaymiz. Yig‘ilishlarda ham ajralib turamiz, o‘gayga o‘xshab.
- Orzungizdagi fermerchilik haqida gapirib bering.
- Birinchi navbatda fermer erkin bo‘lishi kerak. Topshiriqlar, bosimlar bo‘lmasligi kerak. Soddalashtirilgan soliq tizimi bo‘lishi kerak. Suv bilan ta’minlashda adolat bo‘lishi kerak. Hozir tengsizlik bor.
- Sizga o‘zi hokim kerakmi? Faoliyatingizni boshqarib, buyurib, “mana buni qil, buni qilma”, majlislarga chaqirishi, do‘q urishi... Siz o‘shasiz ham faoliyat yurita olmaysizmi?
- Bir oyda bir marta chaqirib, kamchiliklarni aytishsa bo‘lardi.
- Hokimsiz ham o‘z muammo, kamchiliklaringizni aniqlay olmaysizmi?
- Aniqlaymiz. Paxta terish mashinasini lizingga olyapmiz. Besh oyda bo‘layotgan ish bu. Besh yil, 10 yillab faoliyat ko‘rsatsak, kelajakda zavodlar qurib olamiz. Qishloqqa sanoatni olib kiramiz. Ish o‘rinlari yaratishimiz mumkin. Ko‘proq erkinlik bo‘lishi kerak.
- Farazan 20 yil oldin o‘sha siz aytayotgan erkinlik fermerlarga berilganda, bir tasavvur qila olasizmi, hozir soha qanday ko‘rinishga kelgan bo‘lardi?
- Rivojlanib ketgan bo‘lardi. Xitoyni olaylik masalan, qisqa davrda qanchalik rivojlanib ketdi. Ularda fermer hatto tuman rahbarlarini tanimaydi. Yaqinda biri bilan gaplashib qoldim. “Tanimaymiz ham”, deydi. Chunki hamma o‘zi uchun ishlaydi-ku.
- O‘zi uchun ishlaydi. Ya’ni ortiqcha, keraksiz nazorat bu – faoliyatga to‘siq. Mansabdorning kayfiyatiga yoqmay qolishi mumkin nimadir, shunga bog‘liq bo‘lib qoladi faoliyat.
- Ko‘ngliga qarab ishlab yurasiz. Biz kimlargadir yoqmaymiz. Fermerlarning kooperatsiyaga birikishi ham qiyin. 10 ta, 20 ta yo 30 ta odamning fikri bir joydan chiqishi – qiyin masala.
- Manfaatni ko‘rgandan keyin kelishish ham oson bo‘lib qoladi-da.
- Manfaatni ko‘rmasdanoq birikib ishlab kelyapmiz. Agar manfaatni ko‘rsa, bular yana jipslashadi. Yaqin yillarda kooperativga birikkan fermerlarimizning hammasini tomchilatib sug‘orishga o‘tkazmoqchimiz. Suvni iqtisod qiladi, birinchidan. Paxtaning hosildorligi ko‘payadi.
- Yerni yaxshi holatda saqlash imkonini beradi.
- Shunday. Yoqilg‘i-moylash materiallari, traktorlar ishlamaydi keyin. O‘g‘itlar ham shu tomchilatib sug‘oriladigan shlanglar orqali beriladi. Biz shuning ustida ishlayapmiz, kooperativ a’zolari. Hukumat rahbarlaridan iltimos qilardik, kooperativimizni Agroplatformaga kiritishda yordam qilsinlar.
- Ya’ni bu yerda qaysidir bir arzimas qog‘ozbozlik uchun sizlarning 360 gektarda ekilgan paxtalaringizning taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi. Shundaymi? Qaysidir bir qog‘oz uchun, tugma bilan bajariladigan ish uchun. Shundaymi?
- Shunday. 20 sotix tomorqasi bor odam xarajatiga pul topolmaydi. Bu fermerlar esa 360 gektar yerni o‘z hisobidan yetishtirmoqda. Yana, qo‘shimchasiga, paxtani jamg‘aradigan punktga kerak bo‘lgan asbob-uskunalarni kengashib sotib oldik. Laboratoriya asbob-uskunalarini sotib oldik. Brezentlarni sotib olyapmiz. Chunki manfaat ko‘rinib turibdi. “Lazer”ni, yer tekislagich agregatlar oldik. Suvni kam sarflash uchun yerni tekislab ishlatmoqchimiz.
- Sal oldinroq holatlaringizni yoritgan edim.
- O‘sha paytda “fyuchers shartnomasini klaster bilan tuzasan”, deb majburlashgan edi bizni.
- Sizlar ko‘nmadingizmi?
- Biz ko‘nmadik.
- Qanday ko‘rinishda majburlov bo‘lgan edi?
- Har kuni chaqirardi, kecha-yu kunduz, “shartnoma tuzasan”, derdi. Sizning ko‘rsatuvingizdan keyin ishimiz yengil ko‘chdi, to‘g‘risi. Hozir endi paxtani saqlash hujjatlari vaqtida bo‘lmaganligi uchun yana boshlandi bu ishlar. Fermerlarga “15 kun ichida shartnoma tuz”, deb xat jo‘natilgan.
_______________________________
Ko‘rib turibmizki, bu fermerlarda o‘zgacha bir kayfiyat, boshqacha yondashuv uyg‘ongan, ularda egalik hissi paydo bo‘lyapti, ular o‘zaro kelishishni o‘rganishyapti, rejalar qilishyapti. Ana shunday, birlashgan birliklar yaqin kelajakda katta ishlarni qilishi mumkin. Agar ularga xalaqit qilinmasa, shijoat kurtak holidayoq yo‘q qilinmasa.
Shokir Sharipov tayyorladi.
Mavzuga oid
07:31 / 26.11.2025
Yashil tiklanish yetakchilari: 10 yilda o‘rmon maydonini eng ko‘p oshirgan davlatlar
07:45 / 25.11.2025
Dunyoda eng unumdor yerlar qayerda? Yangi xarita e’lon qilindi
10:19 / 24.11.2025
O‘zbekiston va Ispaniya zaytunchilikda hamkorlikni kuchaytiradi
10:15 / 21.11.2025