O‘zbekiston | 14:22 / 19.08.2025
7954
2 daqiqa o‘qiladi

 “Islom sivilizatsiyasi markazida nodir eksponatlar saqlanmagan” - FVV

Islom sivilizatsiyasi markazida yuz bergan yong‘inda bino tomidagi izolyatsiya mahsulotlari yonib ketdi. FVVning ma’lum qilishicha, yong‘in o‘rab olinganidan keyin 2 daqiqada o‘chirilgan. Markaz binosida eksponatlar saqlanmagan va fuqarolar jabrlanmagani aytilmoqda.

Foto: Kun.uz

19 avgust kuni soat 11:00 lar atrofida Toshkentda qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazida yong‘in yuzaga keldi. Tarmoqlarda kuchli yong‘in bino ichidan chiqib, markazning tom qismi va gumbazlari atrofini qamrab olgani ko‘rinadi. Videolarda gumbaz atrofida o‘nlab insonlar olovga o‘chirishga harakat qilgani ko‘rinadi. Yong‘in oqibatida osmonga qalin qora tutunlar ham ko‘tarilgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, soat 11:11 da Olmazor tumani Zarqaynar ko‘chasida joylashgan Islom sivilizatsiyasi markazi binosining tom qismida izolyatsiya qoplamalarini yotqizish ishlari olib borilishida texnologik jarayonni buzilishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan.

«Yong‘in soat 11:32 da o‘rab olinib, soat 11:34 da o‘chirilgan. Yong‘in tufayli 19 kv.m binoni tom qismidagi maydonda izolyatsiya mahsuloti yonib zararlangan. Yong‘in oqibatida fuqarolar jabr ko‘rmagan va binoning ichki qismi shikastlanmagan. Binoda nodir eksponatlar saqlanmagan», deyiladi FVV xabarida.  

Mavzuga oid