Sog‘lom hayot | 13:49 / 22.08.2025
2985
3 daqiqa o‘qiladi

Odamga sun’iy “aql ulashadigan” ko‘zoynak taqdim etildi

Garvardni tashlab ketgan ikki talaba 1 million dollar investitsiya jalb qilib, suhbat davomida egasiga tezkor maslahat beradigan aqlli ko‘zoynak yaratdi. Qurilma atrofdagi har bir so‘zni yashirin yozib olib, javobni linzada ko‘rsatish qobiliyatiga ega.

Foto: AP

Halo startapi oddiy insonni “harakatlanuvchi ensiklopediya”ga aylantiradigan aqlli ko‘zoynak prototipini taqdim etdi. Qurilma atrofdagi barcha suhbatlarni uzluksiz eshitib, ularni sun’iy intellekt orqali qayta ishlaydi va kerakli ma’lumotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri linzalarda ko‘rsatadi.

Ko‘zoynakda mikrofon va kichik displey bor, kamerasi esa hozircha yo‘q. Qurilma telefonga ulanadi va hisob-kitoblarni smartfon orqali bajaradi. Ko‘zoynakka integratsiya qilingan sun’iy intellekt esa Google Gemini va Perplexity dasturlari asosida ishlaydi: biri matematikada yordam beradi, ikkinchisi internetdan kerakli ma’lumotni qidirib topadi.

Masalan, kimdir sizdan “37 ning uchinchi darajasi nechaga teng?” deb so‘rasa, ko‘zoynak bir zumda 50 653 degan javobni ko‘rsatadi. Agar suhbatda notanish so‘z ishlatilsa, uning ma’nosi ham displeyda paydo bo‘ladi.

Mazkur startap uchun Pillar VC, Soma Capital va boshqa yirik fondlardan 1 million dollar sarmoya jalb qilingan. Qurilmaning oldindan buyurtma narxi 249 dollar etib belgilangan, ammo yakuniy narx o‘zgarishi ham mumkin.

Loyiha mualliflari Anfu Ngyuyen va Keyn Ardayfio Garvarddagi o‘qishni tashlab ketgan sobiq talabalar hisoblanadi. Ular ilgari ham I-XRAY deb nomlangan tizim shov-shuvli loyihasi bilan tanilgan edi. Bu tizim Ray-Ban ko‘zoynaklari orqali odamlarni yuzidan tanib, soniyalar ichida ularning shaxsiy ma’lumotlarini topish funksiyasiga ega.

Insonlarga “aqlliroq ko‘rinish” imkonini beradigan Halo ko‘zoynaklarining eng muhim jihati — ularning ishlayotgani butunlay sezilmasligida. Avvalgi qurilma, ya’ni Ray-Bane’dagi kabi ishlayotganini bildiradigan indikator chiroqlari yangi ko‘zoynakda mavjud emas. «Biz ularni oddiy ko‘zoynakdan ajratib bo‘lmaydigan darajada takomillashtirish ustida ishlayapmiz», — deydi muallif Ardayfio. Unga ko‘ra, yozib olingan audio matnga aylantirilgach darhol o‘chiriladi, yakuniy mahsulot esa to‘liq shifrlash tizimiga ega bo‘ladi.

Ardayfioning aytishicha, ko‘zoynak ovozni faqat matnga aylantirish uchun vaqtincha saqlaydi, matn tayyor bo‘lgach esa yozuv darhol o‘chirib tashlanadi. Tayyor mahsulot esa barcha ma’lumotlarni himoyalovchi to‘liq shifrlash tizimiga ega bo‘ladi.

Halo jamoasi keyingi versiyalarga kamerani ham qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bu matnlarni tarjima qilish, obektlarni tanish, navigatsiya kabi yangi funksiyalarni ochadi.

Hozircha mahsulotning bozorda qanday kutib olinishi va sotuv qachon boshlanishi noma’lum.

Диёрахон Набижонова
Tayyorlagan Диёрахон Набижонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid