Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning tashqi siyosati: Rossiyaga xayrixohlik, Xitoyga bosiqlik, Hindistonga bosim
Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni G‘arb izolyatsiyasidan olib chiqdi, Xitoyga nisbatan bojlarni yumshatdi, ammo yaqin hamkori bo‘lgan Hindistonga bosimni kuchaytirmoqda.
Hindistonga qarshi choralar
Hindiston Rossiya neftini arzon narxlarda xarid qilayotgani uchun AQSh tomonidan 25 foizlik ikkilamchi bojga duchor bo‘ldi. AQSh moliya vaziri Skott Bessentga ko‘ra, Nyu Dehli Rossiyaning urush iqtisodiyotidan foyda ko‘rmoqda. Oq uy maslahatchisi Piter Navarro ham Hindistonni “Rossiyaga dollar oqimini ta’minlayotgan vositachi” deb ko‘rsatdi. Bu bayonotlar ikki davlat o‘rtasidagi so‘nggi yillarda yaxshilanib kelayotgan munosabatlarni sovitishi mumkin.
Rossiya bilan iliq aloqalar
O‘tgan hafta Tramp Putinni AQShda qizil gilam bilan kutib oldi va aeroportdan sammit joyiga u bilan bitta avtomobilda ketdi. Muzokaralar Ukraina urushida tezkor natija bermagan bo‘lsa-da, Tramp uchrashuvni “samarali” deb atadi. Putin esa uzoq muddatli sulh uchun Rossiyaning barcha xavotirlari inobatga olinishi zarurligini ta’kidladi. Bu uchrashuv Moskvaning diplomatik yutug‘i deb baholanyapti. Tramp uchrashuvdan oldin “yo otashkesim, yo sanksiya” degan shart qo‘ygan bo‘lsa-da, amalda unisiyam, bunisiyam bo‘lmadi.
Xitoyga yengilliklar
Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lishiga qaramay, Xitoyga bojlar qo‘llanmadi. Tramp bu qarorni kechiktirishni ma’qul ko‘rmoqda. Tahlilchilarning fikricha, bunga sabab kelgusida kutilayotgan Tramp–Si sammiti va savdo kelishuvini buzmaslik istagi. Shuningdek, Xitoyning strategik resurslar – sanoat va harbiy ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan noyob metallar eksportidagi ustunligi ham Vashingtonni ehtiyotkor bo‘lishga majbur qilmoqda.
Hindistonning javobi
Hindiston AQSh tanqidini adolatsiz deb hisoblamoqda. Dehli AQShning o‘zi ham Rossiyadan uran, palladiy, o‘g‘it va kimyoviy mahsulotlarni import qilishda davom etayotganini eslatmoqda. Hindistonning Rossiya bilan savdosi 2025 yilda rekord – 68,7 milliard dollarni tashkil etdi. Bu – Yevropa Ittifoqining Rossiya bilan savdo hajmidan ham yuqori.
Geosiyosiy hisob-kitoblar
Mutaxassislar Trampning maqsadi Rossiyaning daromadini kamaytirish emas, balki bosim orqali siyosiy naf va savdo imtiyozlarini olish ekanini ta’kidlashmoqda. Hindistonga qarshi choralar Rossiyaga ham signal bo‘lishi mumkin. Shu yo‘l bilan Tramp Hindistondan savdo bo‘yicha yengillik, Rossiyadan esa sulh bo‘yicha ustunlikka erishmoqchi. Bu esa Respublika partiyasining saylovoldi mavqeyini kuchaytirishi mumkin.
Murakkab Xitoy siyosati
Tramp ma’muriyatining Xitoyga nisbatan yondashuvi hanuz aniq emas. Ba’zi vaqtlarda iqtisodiy raqobatni kuchaytirish harakati sezilsa, boshqa paytlarda muzokara va murosaga intilish kuzatilmoqda. Bu esa AQSh tashqi siyosatini bir vaqtning o‘zida ziddiyatli va noaniq qilib ko‘rsatmoqda.
Mavzuga oid
14:06
OAV: AQSh ishchilar sinfi orasida Tramp reytingi rekord darajada tushib ketdi
08:25
Vashington Kiyevga 15 yillik xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda
18:54 / 26.12.2025
Zelenskiy Tramp bilan navbatdagi uchrashuvini anons qildi
16:13 / 25.12.2025