Iqtisodiyot | 19:45 / 23.08.2025
12833
2 daqiqa o‘qiladi

Cobalt ishlab chiqarish ketma-ket to‘rtinchi oy qisqardi

O‘zbekiston bozoridagi eng ommabop model – Cobalt ishlab chiqarish hajmi 2024 yilning mos davrlariga nisbatan ketma-ket to‘rtinchi oy kamaydi. Qisqarish iyul oyida qariyb 15 foizni tashkil etgan.

Foto: Kun.uz

2025 yil yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda 212 ming 156 dona yengil avtomobillar ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi sharhida keltirib o‘tilgan.

Dastlabki 7 oylikda avtomobil ishlab chiqarish 2024 yilning mos davriga nisbatan 3,5 foizga, 2023 yilning mos davriga nisbatan esa 9,3 foizga oshgan. Respublikada ishlab chiqarilgan har 100 ta mashinaning 63 tasi Cobalt va Damas hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hisobot davrida Cherry ishlab chiqarish 0,6 foizga, Cobalt ishlab chiqarish esa 1,9 foizga qisqargan. Qolgan barcha modellarda sezilarli o‘sish kuzatilgan.

Xususan, Cobalt ishlab chiqarish hajmi 2024 yilning mos davrlariga nisbatan ketma-ket to‘rtinchi oy kamaydi: aprelda – 6 foiz, mayda 10,6 foiz, iyunda 7,84 foizga, iyulda 14,7 foizga.

O‘z navbatida, Tracker ishlab chiqarish 12,9 foizga, Kia modellarini ishlab chiqarish 27,6 foizga, Haval brendiga tegishli avtomobillar ishlab chiqarish esa 7 barobarga oshdi.

Ma’lumot uchun, birinchi yarimyillikda UzAuto Motors’ning sof foydasi ham 1,91 trln so‘mdan 1,38 trln so‘mgacha yoki 27,5 foizga kamaydi.  

Mavzuga oid