Texnologiya | 01:48 / 25.08.2025
10424
2 daqiqa o‘qiladi

Kurashishda davom etamiz va g‘alaba qozonamiz – Pavel Durov

Telegram asoschisi Pavel Durov bir yil ilgari Fransiyada hibsga olinganini esga olib, post joyladi.

Foto: Getty Images

“Bir yil avval fransuz politsiyasi umrimda eshitmagan odamlar Telegram’dan jinoiy maqsadlarda foydalanishganini ro‘kach qilib, meni 4 kun hibsda saqlagandi. Yirik platformaning bosh direktorini foydalanuvchilarning harakati uchun hibsga olish yuridik va mantiqiy jihatdan bema’nilik edi”, deb yozdi u.

Durovning ta’kidlashicha, tergov hali ham uning yoki Telegram’ning aybdorligiga oid hech narsa topolmagan.  

“Kulgilisi shundaki, meni fransuz politsiyasining aybi bilan hibsga olishgan: 2024 yil avgustigacha ular Fransiya va YeI qonunlarini rad etishgan hamda kerakli yuridik jarayonlar orqali Telegram’ga so‘rov jo‘natishmagan. 

Bu g‘alati hibsdan bir yil o‘tgach ham men har 14 kunda Fransiyaga kelishim kerak. Apellyatsiya muddati esa belgilanmagan. Afsuski, hibsga olinishimning yagona natijasi Fransiyaning erkin mamlakat sifatidagi imijiga putur yetishi bo‘ldi.

Biz kurashishda davom etamiz va g‘alaba qozonamiz”, deya ta’kidlagan Telegram asoschisi.

Pavel Durov o‘tgan yil 25 avgust kuni Ozarboyjondan Parijga o‘z shaxsiy samolyotida borganda Le Burjye aeroportida qo‘lga olingandi.

Fransiya huquq tartibot organlari Durovni "narkotiklar aylanmasi, bolalarga qarshi jinoyatlar va firibgarlik"da ayblagan. Bunga sabab qilib Messenjerda moderatsiya yo‘qligi va qonunni himoya qiluvchi organlar vakillari bilan hamkorlikdan bosh tortgani ko‘rsatilgan.

Telegram asoschisi qariyb 8 oylik “tutqunlik”dan so‘ng Fransiyani tark etib, Dubayga qaytgan.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid