Jahon | 11:52 / 26.08.2025
4253
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp Kim Chen In bilan uchrashishga tayyorligini bildirdi

Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon AQSh prezidenti va Shimoliy Koreya yetakchisi o‘rtasida uchrashuv tashkil etishni taklif qildi. Bu Trampning APEC forumida ishtirok etish uchun Janubiy Koreyaga tashrifi chog‘ida yuz berishi mumkin, deb hisoblaydi Li.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan uchrashuv o‘tkazishga qarshi emas. Bu Trampning o‘zi 25 avgust, dushanba kuni Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon bilan Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Li Tramp va Kim o‘rtasida uchrashuv tashkil etishni taklif qilgan. Janubiy Koreya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u oktyabr oyida o‘z mamlakatida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) forumi chog‘ida yuz berishi mumkin. «Men u bilan bu yil uchrashishdan xursand bo‘lardim», — deya Oq uy rahbarining so‘zlarini keltiradi Reuters.

Birinchi prezidentlik muddati davomida Donald Tramp Kim Chen In bilan uch marta uchrashgan. Oq uy rahbari 25 avgust kuni aytganidek, u Shimoliy Koreya rahbarini yaxshi biladi: «Uning singlisidan tashqari deyarli hammadan yaxshiroq». «Men uni ko‘rishdan xursand bo‘lardim. U men bilan juda do‘stona munosabatda bo‘ldi», — deya Amerika yetakchisining so‘zlarini keltiradi AFP.

Mavzuga oid