Jahon | 07:43 / 26.08.2025
2619
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilda garovga olinganlarning yaqinlari HAMAS bilan kelishuvni talab qilmoqda

HAMAS qo‘lida qolgan isroillik garovga olinganlarning yaqinlari hukumatning olti a’zosi uyiga kelib, G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishni va «hammani uyiga olib kelishni» talab qildi.

Foto: Mostafa Alkharouf/Anadolu

Dpa xabariga ko‘ra, HAMAS tashkiloti qo‘lida qolgan isroillik garovga olinganlarning qarindoshlari Isroil hukumatining olti nafar a’zosi, jumladan, mudofaa vaziri Israel Kats va tashqi ishlar vaziri Gideon Saarning uyi yaqinida norozilik namoyishi o‘tkazdi.

Namoyishchilar vazirlarni G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatishga va garovga olinganlarni ozod qilish uchun HAMAS jangchilari bilan kelishuvga erishishga chaqirdi. «Biz keyingi kechikishlarni kechirmaymiz», — deya ularning bayonotidan iqtibos keltiradi dpa. «Xalqni tinglang: bu urushni to‘xtating va barchani uyga olib keling».

18 avgust kuni AFP HAMASdagi manbalariga tayanib, harakat G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha yangi taklifni hech qanday tuzatishlarsiz qabul qilgani haqida xabar berdi. Agentlik manbalaridan birining ta’kidlashicha, bu 60 kunlik otashkesim va HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ikki partiyada ozod qilishdan iborat edi.

Aftidan, garovga olingan 50 nafar isroillikdan 20 nafari hozir tirik. Isroil rahbariyati hozircha o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi ekanligini rasman tasdiqlagani yo‘q.

Mavzuga oid