Sog‘lom hayot | 22:42 / 28.08.2025
5486
4 daqiqa o‘qiladi

Qizdirilgan yog‘dan qayta foydalanish saraton xavfini kuchaytirishi mumkin

Taomdan qolgan yog‘ni takror ishlatish ko‘pchilik uchun odatiy holga aylangan. Ayniqsa, kartoshka, palov yoki go‘sht pishirgandan so‘ng tovada ortib qolgan moyni har safar tashlab yuborish iqtisodiy tomondan ham, maishiy qulaylik nuqtayi nazaridan ham odamlarga mantiqsizdek tuyuladi. Biroq tibbiy tadqiqotlar va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha olib borilgan izlanishlar foydalanilgan yog‘ning qayta ishlatilishi inson salomatligi uchun salbiy ta’sirlarni yuzaga keltirishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Foto: Adobe Stock

Qayta qizdirilgan yog‘ nimaga xavfli?

Yog‘ yuqori haroratda qizdirilganda uning tarkibida trans-yog‘ kislotalari va akrolein kabi zararli moddalar hosil bo‘ladi. Trans-yog‘lar qon tomirlarining torayishi, xolesterinning ortishiga sabab bo‘lsa, akrolein oshqozon-ichak tizimi, jigar faoliyatini izdan chiqaradi. Bundan tashqari, qayta ishlatilgan yog‘ tezda oksidlanadi va erkin radikallarni ko‘paytiradi. Bu esa hujayra qarish jarayonini tezlashtirib, saraton kasalliklari xavfini oshirishi mumkin.

Organizmga ta’siri

Yurak-qon tomir tizimi holat. Yog‘ni qayta-qayta qizdirish natijasida unda oksidlangan lipidlar (ya’ni buzilgan yog‘ molekulalari) hosil bo‘ladi. Bu moddalar qon tomir devorlarini sekin-asta shikastlab, “yomon xolesterin” (LDL) miqdorini ko‘paytiradi va “yaxshi xolesterin” (HDL)ni kamaytiradi. Natijada qon tomirlar torayib, ateroskleroz, gipertoniya, yurak xuruji yoki insult xavfi ortadi. Oddiy qilib aytganda, qayta ishlatilgan yog‘ yurak va qon tomirlarning erta “eskirishiga” olib keladi.

Semirish va metabolik buzilishlar. Qovurilgan ovqatlarning o‘zi kaloriya jihatdan juda to‘yimli. Agar ular qayta ishlatilgan yog‘da tayyorlansa, organizmda metabolik stress (ya’ni hujayralarning normal ishlashiga to‘sqinlik qiladigan yuklama) kuchayadi. Bu insulin rezistentligiga sabab bo‘lishi mumkin. Ya’ni organizm qondagi shakarni normal o‘zlashtira olmay qoladi. Natijada semirish, qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklar xavfi ortadi.

Oshqozon-ichak muammolari. Qayta ishlatilgan yog‘ning tarkibida akrolein, polisiklik aromatik uglevodorodlar kabi toksik (zararli) moddalar to‘planadi. Ular oshqozon-ichak yo‘llarining shilliq qavatini qo‘zg‘atib, surunkali gastrit, reflyuks yoki ich ketishiga sabab bo‘lishi ehtimoli mavjud. Agar bunday yog‘ uzoq muddat muntazam iste’mol qilinsa, oshqozon va ichakda o‘sma kasalliklari rivojlanish xavfi ham oshadi. Bunda boshqa omillar, masalan, sho‘r-taomlar, tamaki chekish va spirtli ichimliklar iste’moli ham qo‘shimcha xavf tug‘diradi.

Iqtisod salomatlikdan ustunmas

Ko‘pchilik “yangi yog‘ni ishlatish qimmatga tushadi” deya undan qayta-qayta foydalanishga harakat qiladi. Aslida bu qisqa muddatli tejamkorlik uzoq muddatda sog‘liq uchun ancha qimmatga tushadi; yurak xastaligi, diabet yoki jigar kasalligi kabi og‘ir tashxislarni davolashga ketadigan mablag‘ bir necha shisha yog‘dan yuzlab marta qimmat bo‘ladi.

Shu sababli rivojlangan mamlakatlarda umumiy ovqatlanish joylarida yog‘dan foydalanishning qat’iy me’yorlari belgilangan: masalan, yog‘ 180°C dan yuqori qizdirilmasligi, 2 martadan ortiq ishlatilmasligi va muntazam yangilanib turishi shart.

Dunyo bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlarda qayta ishlatilgan yog‘ muntazam iste’mol qilinadigan hududlarda yurak-qon tomir kasalliklari va semirish darajasi yuqoriligi qayd etilgan. Masalan, Hindistonning ayrim shtatlarida ko‘chma oshxonalarda yog‘dan 4-5 martadan ortiq foydalanilgani kuzatilgan va bu hududlarda oshqozon saratoni ko‘rsatkichlari ham yuqori bo‘lgani aniqlangan.

O‘zbekiston sharoitida ham ayrim ovqatlanish shoxobchalarida bir xil yog‘ning kun davomida qayta-qayta ishlatilishi sir emas. Ayniqsa, ko‘chma oshxonalar va kichik umumiy ovqatlanish maskanlarida xarajatlarni kamaytirish maqsadida yog‘ni bir necha bor qayta qizdirib foydalanish hollari kuzatiladi. Bu esa iste’molchilarning sog‘ligiga bevosita xavf tug‘diradi.

Mutaxassislar uy sharoitida yog‘ni qayta ishlatmaslikni, qovurishda imkon qadar undan ozroq miqdorda foydalanishni va iloji bo‘lsa, qovurilgan taomlar iste’molini kamaytirishni tavsiya etadi.

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid