O‘zbekiston | 20:07 / 29.08.2025
3506
2 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet”: Ulug‘nor tumani ham ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi

73 ta tashabbusdan 60 tasini rad qilib yuborgan tuman komissiyasi loyihalarni qaytadan ko‘rib chiqib, 57 ta loyihani saralashdan o‘tkazdi, shundan so‘ng IMV 29 avgust soat 19:00 dan boshlab ularni ovozga qo‘ydi. Tuman aholisida ovoz to‘plash uchun endi 53 soat vaqt bor.

Foto: Kun.uz

“Tashabbusli budjet”ning 2-mavsumiga Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidan kiritilgan loyihalar ham ovozga qo‘yildi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi.

Bu tumanda ham, xuddi Oltinko‘lda bo‘lgani kabi, tuman ishchi komissiyasi loyihalarni asossiz rad etgani sabab ovoz berish bosqichi o‘tkazilmayotgan edi.

Vazirlikning so‘roviga javoban, Ulug‘nor tumani ishchi komissiyasi loyihalarni qayta ko‘rib chiqib, 57 tasini ovoz berish bosqichiga o‘tkazdi, 16 ta loyiha amaldagi mezonlarga zid bo‘lgani sababli (asoslantirilgan holda) rad etildi.

Ma’lumot uchun, birlamchi o‘rganishlarda komissiya jami 73 ta loyihadan atigi 13 tasini ovoz berishga o‘tkazgan, 60 ta loyihani asossiz ravishda rad etib yuborgandi.

Shu tariqa, “Ochiq budjet” portalida Ulug‘nor tumani bo‘yicha saralashdan o‘tgan loyihalarga ovoz berish bosqichi 29 avgust 19:00 dan boshlandi.

Ulug‘nor tumani bo‘yicha loyihalarga ovoz berish an’anaviy ovoz berish bosqichi bilan bir vaqtgacha, ya’ni 31 avgust soat 23:59 ga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, shunday holat kuzatilgan Oltinko‘l tumanida ham ovoz berish 29 avgustdan boshlandi.

Mavzuga oid