O‘zbekiston | 08:33 / 31.08.2025
59536
2 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimi uchun «tavsiyaviy» narx belgilandi

Vazirlik klaster va fermerlar terimchi bilan kelishib, mustaqil narx belgilashi ham mumkinligini qayd etgan.

Foto: Kun.uz

Qishloq xo‘jaligi vazirligi «paxta terimi uchun 1 kilogrammiga 1 800 so‘m to‘lanishi» haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, joriy yilda paxta terimi narxlari quyidagicha belgilandi:

  • Mashina yordamida terilgan paxtaning 1 kilogrammi uchun – 1 373 so‘m;
  • Qo‘l mehnati bilan terilgan paxtaning 1 kilogrammi uchun – 2 000 so‘m tavsiyaviy narx belgilangan bo‘lib, terim vaqtida klaster, fermer xo‘jaligi rahbarlari va terimchilar o‘rtasida o‘zaro kelishuv asosida terim narxi mustaqil belgilash amaliyoti ham qo‘llanadi;
  • Shuningdek, paxta yetishtirish xarajatlarini qoplash maqsadida davlat budjeti hisobidan 1 kilogramm paxta uchun 1 000 so‘m subsidiya ajratiladi.

Ushbu tartib paxta yetishtiruvchilar manfaatini himoya qilish, terimchilar mehnatini rag‘batlantirish va agrar sohada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.

«Shu bois, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan “1 kg – 1 800 so‘m” haqidagi xabar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlanmagan.

Qayd etish kerakki, paxta terimi narxlari jamoatchilikka faqat rasmiy manbalar orqali yetkaziladi. Turli taxminlar va tekshirilmagan xabarlar jamiyatni chalg‘itishi bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlardan axborot tarqatishda xolislikka amal qilish, jamoatchilikni chalg‘ituvchi noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatmaslik so‘raladi»,  deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil kuzida qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun 2500 so‘mdan haq to‘lanishi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid