Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eng muhim iqtisodiy hamkor: O‘zbekiston uchun Xitoy qanday ahamiyatga ega?
Xitoyning moliyaviy resurslari va texnologiyalari O‘zbekiston uchun ancha jozibador. O‘z navbatida, Pekin ham Toshkent bilan munosabatlarga o‘z manfaati nuqtayi nazaridan qaraydi. Tomonlarni tarixan yaqinlashtiruvchi temiryo‘l qurilishi allaqachon boshlangan. Kun.uz studiyasida siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Alauddin Komilov O‘zbekiston yetakchisining Xitoyga tashrifi haqida so‘z yuritdi.
Kamoliddin Rabbimov: Dunyoning eng qudratli va eng katta iqtisodiy salohiyatga ega davlati AQSh biz uchun geografik jihatdan sayyoraning narigi tomonida joylashgan. So‘nggi 30 yilda esa dunyodagi ikkinchi qudratli davlat, xarid qobiliyati paritetiga ko‘ra birinchi o‘rinda turuvchi mamlakat bu – qo‘shnimiz Xitoy Xalq Respublikasi. Andijondan Xitoy chegarasigacha atigi 150 km. Orada faqat Qirg‘iziston bor, xolos.
O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari uchrashuvi chog‘ida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temiryo‘li loyihasi haqida ham so‘z bordi. Rahbarlar bu loyihada real ishlar boshlanganini ta’kidladilar. Ushbu temiryo‘l strategik ahamiyatga ega. O‘zbekistonning tarixiy orzularidan biri – faqat shimolga bog‘langan temiryo‘l yo‘nalishiga muqobil yo‘llar qurish edi. Bu muqobil yo‘nalishlardan biri sharq yo‘nalishi bo‘lib, Farg‘ona vodiysi orqali Qirg‘iziston va Xitoyga chiqishni nazarda tutadi. Hozirgacha bu yo‘nalishda temiryo‘l mavjud emas edi, hozir esa qurilishi boshlandi. Ukraina-Rossiya urushi ham bu jarayonga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Rossiyaga nisbatan sanksiyalar kuchaygach, Xitoyga muqobil transport yo‘llari zaruratga aylandi. Aslida bu loyiha 1990-yillarda O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan, biroq o‘shanda Xitoy bu tashabbusga unchalik qiziqmagan edi.
Tarixan dunyodagi eng muhim savdo yo‘llaridan biri – Buyuk ipak yo‘li dengiz yo‘llari rivojlangach o‘z ahamiyatini yo‘qota boshladi. Dengiz yo‘llari tez, arzon va xavfsiz bo‘lgani uchun, Buyuk ipak yo‘li asta-sekin to‘xtab qoldi. Bu esa Markaziy Osiyo iqtisodiy salohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozir esa dunyo rivoji yangi bosqichga chiqdi: dengiz yo‘llari haddan tashqari to‘lib-toshgan. Shuning uchun Xitoy ham, boshqa davlatlar ham quruqlik orqali barqaror va arzon temir yo‘llarga ehtiyoj sezmoqda. Ilgari bu texnik jihatdan qiyin edi, bugun esa imkoniyat bor.
Shuningdek, AQSh-Xitoy ziddiyati fonida ham quruqlik yo‘llari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi ehtimoliy mojarolar aynan dengiz hududlarida bo‘lishi mumkin. Shu sababli Xitoyga tinch va barqaror quruqlik yo‘llari kerak bo‘ladi. O‘zbekiston va Markaziy Osiyo uchun esa shimolga bog‘liqlikni kamaytirish uchun sharqiy yo‘nalishda Xitoyga chiqish katta ahamiyatga ega.
Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, uzoq yillar davomida O‘zbekistonning asosiy savdo-iqtisodiy hamkori Rossiya bo‘lib kelgan. Rossiyaning ulushi 33-35 foiz atrofida edi. Biroq so‘nggi 5-6 yilda Xitoy birinchi raqamli hamkorga aylandi. Bugungi kunda Xitoyning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 23 foizni tashkil qiladi. Bu juda katta ko‘rsatkich.
Alouddin Komilov: O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlari ham “Yagona Xitoy” siyosatini tan oladi. Bu borada davlat rahbari ham alohida ta’kidlab o‘tdiki, O‘zbekiston ushbu prinsipga sodiqdir.
So‘nggi yillarda Xitoy tomonidan ilgari surilayotgan, AQShga alternativ bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qator global tashabbuslarni ham kuzatmoqdamiz. Bu tashabbuslar yangi global tartibot shakllantirish, ko‘p qutbli dunyo tuzishga xizmat qiladi. Jumladan: Global xavfsizlik tashabbusi, Global taraqqiyot tashabbusi, Global sivilizatsiyalar ittifoqi tashabbusi. Mazkur tashabbuslar O‘zbekiston tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Xitoy O‘zbekiston uchun eng muhim hamkorlardan biridir. Bu hamkorlik nafaqat tashqi siyosatda, balki ichki siyosat va milliy taraqqiyot strategiyalarida ham muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston uchun transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, investitsiya va biznes aloqalari kabi yo‘nalishlarda Xitoyning ahamiyati katta. Xitoy investitsiyalari va biznesi O‘zbekistonning milliy rivojlanish dasturlarida muhim o‘rin tutadi.
Suhbatni batafsil YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
13:59 / 02.12.2025
“Netanyahu uchun qulay siyosiy fon yaratilyapti” - Farhod Karimov
11:20 / 30.11.2025
“KXShT murakkab geosiyosiy inqirozda” - Rabbimov
15:50 / 28.11.2025