Ko‘chmas mulk | 20:28 / 02.09.2025
5389
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda uy-joy sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkin

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10 foizga yaqini QQS bilan, qolgan 90 foizi esa soliqsiz sotib olinyapti. Qurilish sektorida yashirin iqtisodiyotning ulushini kamaytirish maqsadida jismoniy shaxslarga oldi-sotdi bitimi summasidan 5−6 foiz keshbek joriy etilishi mumkin.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda uy-joy sotib olishda keshbek joriy etish masalasi ko‘rib chiqilyapti. Bu haqda 29 avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov ko‘chmas mulk QQSni hisobga olgan holda sotib olinishi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uy-joylarning atigi 10 foizga yaqini qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan, qolgan 90 foizi esa soliqsiz sotib olinyapti.

«Jismoniy shaxslar uchun 4−5 foiz keshbek joriy etish bo‘yicha fikrlar bor, shunda ular quruvchiga murojaat qilib, oldi-sotdi bitimi summasidan 5−6 foiz keshbek olish uchun hisobvaraq-fakturani talab qilishadi. Balki bu vaziyatni o‘zgartirishga yordam berar?» — dedi Vahobov.

Avvalroq, O‘zbekistonda uy-joy oldi-sotdisini amalga oshirishda naqd puldan voz kechish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, bu yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga qaratilgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров

Mavzuga oid