Jahon | 20:49 / 03.09.2025
6560
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoy global boshqaruvni qo‘liga olmoqchi – ShHT sammiti qanday tugadi? 

ShHTning yillik sammiti – prezident Trampning savdo siyosati va tariflari dunyoni bezovta qilayotgan bir sharoitda Tyanszinda tashkilot a’zolari o‘rtasida yaqinroq aloqalar bo‘lishi signallari bilan yakunlandi. Xitoy raisi endi Pekin global boshqaruvni qo‘lga olishiga shama qildi, AQSh siyosatidan nolidi.

20 dan ortiq davlatlarning rahbarlari sammitda jamlanarkan, G‘arbdan bu muloqotda hech kim yo‘q edi.

Ikki kunlik tadbir Pekinning AQShga qiyinchilik tug‘diruvchi yangi global xavfsizlik va iqtisodiy tartibni o‘rnatishga intilishini namoyish qilish sifatida ko‘rildi. Ayniqda, Xitoy raisi Si Szinpinning chiqishida Donald Trampning tarif kampaniyasiga qarshi kayfiyat yaqqol sezilib turardi. 

Biz global boshqaruv tizimini isloh qilishimiz va takomillashtirishimiz kerakki, barcha mamlakatlar odamlari global boshqaruvda ishtirok etsin, uning samarasini his etsin, insoniyat jamiyati oldida turgan umumiy muammolarga yaxshiroq javob bersin, shimol va janub o‘rtasidagi taraqqiyot tafovutini yaxshiroq bartaraf etsin va dunyodagi barcha davlatlarning umumiy manfaatlarini yaxshiroq himoya qilsin”.  

Xitoy raisi shuningdek, sovuq urush mentaliteti va zo‘ravonlik haliyam yo‘qolmay, muammolarni ko‘paytirayotganini qo‘shimcha qildi.

U dunyoda adolatliroq va muvozanatli xalqaro boshqaruv tizimini yaratish uchun birlashishga chaqirdi, buning bilan Si Szinpin G‘arb demokratiyasi va global gegemonligi o‘xshamadi, endi navbat Xitoyga, mas’uliyatni biz bo‘ynimizga olamiz, demoqchi bo‘ldi. 

Sammitda e’tiborga olish kerak bo‘lgan jihatlar talaygina: birinchisi, Xitoy va Hindiston. Narendra Modi 7 yildan keyin birinchi marta Xitoyga bordi. Vashington-Dehli munosabatlaridagi turg‘unlik onida Xitoy Hindistonga raqiblik emas, balki hamkorlikni taklif qilmoqda.

Dunyoning eng ko‘p aholisiga ega ikki davlat qariyb 3 mlrd odami bilan o‘zaro yaxshi dialogdan umidvor. Modi va Szinpin ancha yillik chegara muammolarini tez yechish tarafdori bo‘lib turibdi. Ikki davlatni umumiy dushman birlashtirmoqda, bu – Donald Tramp. Chunki Xitoy va Hindiston Tramp savdo siyosati o‘laroq zarar ko‘rayotgan ikki katta hamkor. 

Osiyo jamiyati siyosati instituti vitse-prezidenti Vendi Katlerga ko‘ra, Trampning yuqori tariflari hamda savdo urushi ikki raqibni shirin so‘zlashga majbur qilmoqda. Modi va Si barcha diplomatik so‘zlarini yangi majburiyati uchun gapirdi, deydi Katler.

 Ikkinchi katta jihati – Xitoy, Hindiston, Rossiya birligi. AQSh Rossiya-Ukraina urushi vositachiligidan chiqishni muhokama qilayotgan bir paytda urush boshlagan Putinning qo‘lini Modi va Szinpinlar kula-kula mahkam ushlashdi.

Uzoq vaqt davomida Xitoyga qarshi pozitsiyani ushlab, AQShga yordam berib kelgan Hindiston Trampning Keskin tariflari nishoniga aylangan, Kreml Vashingtonning Ukraina bo‘yicha tinchlik rolida voz kechgan hamda Pekin AQSh bilan savdo hamda geosiyosiy kelishmovchilikka duch kelgan ekan – uch global liderlarning qo‘l siqishishi katta signal. Bu xuddiki Xitoyni AQShning dunyodagi roliga muqobil qilib ko‘rsatadi.

Yevrosiyo guruhining yetakchi tahlilchisi – Jyeremi Channing aytishicha, sammit Trampga yangi nafas jo‘natadi. Endi Pekin o‘z diplomatiyasini Vashingtonnikidan kuchliroq qilib olmoqda. 

Bir paytlar Trampni «Hindistonning buyuk do‘sti» degan Modi endi Putinni «aziz do‘stim» deb atadi. Bu esa qiyin damlarda Hindiston Rossiyaga qarshi pozitsiyada bo‘lmasligini anglatadi. Shuningdek, dushanba kuni kechroq Modi o‘zining X’dagi sahifasida Putinning mashinasida tushgan rasmini ham joyladi. 

Yana bir e’tiborga molik jihat – ShHT a’zolari Yangi rivojlanish bankini tuzishmoqchi. Aksariyat a’zolar bunga allaqachon rozi, bu albatta AQSh va uning dollariga bog‘liqlikni qirqish strategiyasi bir qismi hisoblanadi. Bu bankda foizlar Osiyo taraqqiyot bankidan ham past bo‘lishi aytiladi.

APAS Advisors konsalting kompaniyasining bosh direktori – Stiven Okun fikricha, bu bank Xitoy o‘zi boshchiligidagi qurayotgan global boshqaruv tizimining «me’mori» bo‘lishi ko‘zlangan. Pekin shuningdek, shu yildayoq a’zo davlatlar uchun 2 mlrd yuandan yordam hamda keyingi uch yilda tashkilot a’zolariga 10 mlrd yuan, ya’ni 1.4 mlrd dollar miqdorida kredit ajratishga va’da berdi. 

Sammit yakunlari bo‘yicha Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili bergan bayonot qiziq va muhim. 

Shanhay hamkorlik tashkilotining Tyanszindagi sammiti tarixdagi eng muhim natijalarga erishdi. Bu tadbir insoniyat taraqqiyoti vektorini belgilab bergan voqeaga aylandi, tashkilotni bundanam kuchli qilish rejalarini ishlab chiqdi”. 

Standart Chartered xalqaro banki investitsion direktorining fikricha, Xitoy AQShning savdo tariflaridan o‘zini qo‘rqqan qilib ko‘rsatgani bilan vaziyat aslida joyida. 

Xitoy tashqi qiyinchiliklarni yengib o‘tdi, ichki vaziyatida esa o‘sish bor. Xitoy tashqi tomondan Trampning savdo tariflari oldida juda zaif bo‘lishi kutilgan edi, lekin Pekin vaziyatni juda yaxshi boshqargan. Mamlakatda iqtisodiy o‘sish sharoitlarini barqarorlashtirish ko‘proq qo‘llab-quvvatlanyapti. Yangi tug‘ilish uchun subsidiyalar bilan demografik vaziyat ham nazoratda”, deydi u. 

Xitoyning Xalqaro biznes va iqtisodiyot universiteti professori Jon Gongning fikricha, Tramp BMT, Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasi hamda qator xalqaro institutlarning rolini pasaytirishga urinayotgan bir onda Xitoy ustalik bilan bu tashkilotlarni qo‘llay boshlaydi. 

Eng yirik yig‘in bo‘ldi, bu judayam katta stol edi. Uning atrofida kimlar o‘tirganini ko‘rdingiz. Yaqindagina Oq uyda, Trampning Oval kabinetida Yevropa yetakchilari yig‘ilganini eslang. Xitoyda esa Osiyoning eng katta odamlari Trampnikidek rahbar huzurida emas, Xitoy raisi bilan teng sharoitda o‘tirishdi. Albatta, ShHT u yoqda tursin, xalqaro maydonda kattayu kichik davlat teng bo‘lishi kerak. Sammitga kelsak, ha, global boshqaruvchilikka Xitoy da’vogar, bu yaqqol sezildi”. 

Eslatib o‘tamiz, Xitoydagi tadbirlar sammitdan keyin poytaxt Pekinda parad hamda ikki tomonlama muzokaralar bilan davom etgan.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid