Sog‘lom hayot | 22:20 / 06.09.2025
3207
3 daqiqa o‘qiladi

Ifloslangan havo yiliga 4,5 million bevaqt o‘limga olib keladi – JMT

Jahon metereologiya tashkiloti butun dunyoda havo sifatining yomonlashishi davom etayotganini ma’lum qildi.

Foto: YUNISEF/F.Duylin

Milliardlab odamlar ifloslangan havodan nafas olmoqda, bu esa har yili 4,5 milliondan ortiq erta o‘limga olib kelyapti. Bu haqda Jahon metereologiya tashkiloti (JMT) yangi tadqiqoti mualliflari xabar berdi.

Qayd qilinishicha, o‘rmon yong‘inlaridan hosil bo‘lgan tutunning mikroskopik zarralari katta masofalarga siljishi mumkinligi ham xavf tug‘diradi.

«Havo chegaralarni tan olmaydi. Pireney yarimorolida yong‘inlar bo‘yicha rekord mavsumda tutun va ifloslantiruvchi moddalar allaqachon G‘arbiy Yevropa ustida qayd etilgan va butun Yevropa qit’asiga tarqalishi mumkin», dedi JMT ilmiy xodimi Lorenso Labrador.

JMT so‘nggi byulletenini taqdim etar ekan, Labrador butun dunyoda havo sifatining yomonlashishi davom etayotganini ma’lum qildi. U 2024 yilda PM 2.5 mayda dispers zarrachalarining Chili, Braziliya, Ekvador, shuningdek, Kanada, Markaziy Afrika va Sibirda tarqalgani xaritasi haqida gapirdi.

«Iqlim o‘zgarishi tufayli o‘rmon yong‘inlari mavsumi tobora shiddatli va uzoq davom etayotganini bilamiz», dedi u.

Shu bilan birga, JMT olimlari qator mintaqalarda, «ayniqsa, sharqiy Xitoy va Yevropada yildan yilga» atmosferaga zararli tashlamalar kamayib borayotganini ta’kidlamoqda.

«Qachonki mamlakatlar, mintaqalar yoki shaharlar yomon havo bilan kurashish uchun chora ko‘rsa, bu o‘z samarasini beradi», dedi JMT global atmosfera bo‘limi rahbari Paolo Lay.

Ta’kidlanishicha, Sharqiy Xitoyda, masalan, Shanxay kabi shaharlarda yangi bog‘lar yaratish va daraxtlar ekish orqali havo sifatini yaxshilashga erishilgan. Avtomobillar harakati jadalligicha qolayotgan bo‘lsa-da, mashinalarning katta qismi allaqachon elektr energiyasi bilan ishlaydi, deb qo‘shimcha qildi JMT vakili Kler Nullis.

Shunga qaramay, dunyoda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tavsiyalariga mos keladigan havo sifati ko‘rsatkichlariga ega shaharlar juda kam, dedi Lay.

«Bu shuni anglatadiki, so‘nggi yillardagi yaxshilanishlarga qaramay, havo ifloslanishi aholi salomatligi uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oltingugurt dioksidi (SO2) va azot oksidlari (NOx) kabi asosiy ifloslantiruvchi moddalarning chiqindilari nazorat choralari tufayli kamayayotgan bo‘lsa-da, yer yuzasidagi ozon darajasi - smogning asosiy tarkibiy qismi - kamaymayapti.

«Qisman bu global isishning natijasidir, chunki ozon quyosh nuri ishtirokida atmosferadagi kimyoviy reaksiyalar natijasida hosil bo‘ladigan ikkilamchi ifloslantiruvchi moddadir», deb tushuntirdi ekspert.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid