Ta’lim | 11:41 / 06.09.2025
11324
3 daqiqa o‘qiladi

Qaysi OTM talabalari ko‘proq jinoyatga qo‘l urgani ma’lum qilindi

Senatning 10-yalpi majlisida talabalar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish yuzasidan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipovga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlar olib borish hamda ota-onalar bilan uzviy hamkorlikni kuchaytirish masalalari e’tiborni kuchaytirishni talab etmoqda.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarning yetarli darajada tashkil etilmagani talabalar o‘rtasida nosog‘lom muhit yuzaga kelishiga, ayrim hollarda esa huquqbuzarlik va jinoyatchilikka olib kelayotgani kuzatilmoqda.

2024 yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari ishtirokida 761 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, 2025 yilning 6 oyi davomida 102 ta oliy ta’lim muassasasining 307 ta talabasi tomonidan jinoyat sodir etilgani bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Xususan, jinoyatlarning asosiy qismini yo‘l-transport hodisalari, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, firibgarlik kabi jinoyatlar tashkil etgan.

Hududlar kesimida jinoyatlarning aksariyati Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Namangan, Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Surxondaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Oliy ta’lim muassasalari kesimida esa jinoyatlarning ko‘pchilik qismi Toshkent davlat transport universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ayrim oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini muntazam nazorat qilish, talabalarning dars mashg‘ulotlariga qatnashini yetarli darajada monitoring qilinmaganligi oqibatida talabalar tomonidan dars vaqtida, ya’ni soat 08:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan davr mobaynida jinoyatlar sodir etilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 9 sentabrdagi “Respublika oliy ta’lim muassasalarida talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 563-sonli qarorida tyutorlarni biriktirish tartibi belgilangan bo‘lsa-da, ayrim oliy ta’lim muassasalari tomonidan ushbu talabga rioya qilinmagan.

Talabalarning yotoqxonalarga kirib-chiqishi, yashashi hamda tungi vaqtda bo‘lishi ustidan nazorat yetarli darajada emas.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda oliy ta’lim sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga qaramay, sohada faoliyat yuritayotgan shaxslarga nisbatan korrupsiya holatlari bo‘yicha qator jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Bu esa, aholining haqli e’tirozlari ko‘payishiga, adolatsizliklar yuzasidan fuqarolarning shikoyatlari soni keskin ortishiga sabab bo‘layotganligi senatorlar tomonidan tanqid qilindi.

Muhokama yakunida Senatning tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid