Jamiyat | 09:51 / 06.09.2025
2739
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistondan katta miqdordagi kuchli dorilarni olib kelganlar ushlandi

Namangan shahrida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 246- va 251-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs Qirg‘izistondan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib kelib sotish orqali mo‘may daromad topishni reja qilgan.

Foto: Telegram/ XAVFSIZLIK

Bu maqsadda u qirg‘izistonlik tanishiga aloqaga chiqib, katta partiyadagi dori vositalarini yetkazib berishini so‘ragan.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston fuqarosi 16 755 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini aylanma yo‘llar orqali Kosonsoy tumaniga olib kelib, xufiya joyga qoldirgan.

Namanganlik shaxs esa ushbu dori vositalarini Kosonsoy tumanidan Namangan shahriga keltirib berishi uchun o‘zining hamshahariga 500 ming so‘m va’da qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda kur’yer dori vositalarini xufiya joydan olib ketayotgan vaqtida ushlandi. Shuningdek tezkor tadbir davom ettirilib, buyurtmachi ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.

Hozirda ushbu 2 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda esa Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qo‘qon shahrida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 246- va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs o‘zining “Treker 2” rusumli avtomashinasida “Farg‘ona–Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 11 200 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ma’lum bo‘ldi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalari Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingani aniqlandi. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28,246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Mavzuga oid