Sport | 10:03 / 06.09.2025
12454
6 daqiqa o‘qiladi

«Yoshimni hisobga olsak – o‘ynamasam kerak». Messi JChga borishga ikkilanmoqda

U vatanidagi muxlislar bilan xayrlashdi. Venesuelaga qarshi o‘yin katta ehtimol bilan uning Argentinadagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qoladi.

Foto: Marcelo Endelli/Getty Images

Lionel Messi Argentina milliy jamoasida so‘nggi uy uchrashuvini o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Jamoa 5 sentabrga o‘tar kechasi Buenos-Ayresda JCh-2026 saralashi doirasida Venesuelani yirik hisobda (3:0) mag‘lub etdi. O‘yin yakunlanganidan keyin esa afsonaviy futbolchi jahon chempionatiga borishiga ko‘zi yetmayotganini aytib intervyu berdi.

Uydagi so‘nggi saralash o‘yini

Argentinadagi «Mas Monumentale» stadionidagi o‘yin saralash bosqichidagi so‘nggi uy o‘yini edi — va bu Messi o‘z vatanida muxlislar bilan xayrlashish uchun imkoniyat hisoblanardi. Sektorlardan birida «Hammasi uchun tashakkur, sardor» degan yozuv osig‘liq turardi. U chigalyozdi mashg‘ulotlarini boshlashdan oldin atrofni aylanib chiqdi, bolalarini bag‘riga bosdi va tribunalarga qaradi, u ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyib turardi.

O‘yindan keyin forvard tan oldi: «Bu yerda shunday tugatish imkoniyatiga ega bo‘lish – bu men doim orzu qilgan narsa, o‘z odamlarim bilan xayrlashish imkoniyatiga ega bo‘lish». Bu ibora TyC Spors efirida yangradi.

Maydonda ham barchasi chiroyli ssenariyda kechdi. Xulian Alvares o‘zi gol urishi mumkin bo‘lgan holatda sardorga pas uzatdi, u esa barchasini qirollarga xos tarzda bajardi – bir muddat pauza ushladi, keyin zarba yo‘lini to‘sish uchun gazonga yotgan futbolchilar va darvozabon ustidan to‘pni oshirib darvozaga yo‘lladi, keyin esa ikkinchi golni urgan Lautaro Martinesga assistentlik qildi, o‘yin oxirida dublni rasmiylashtirdi – 3:0. U ikkinchi golini urganida terma jamoada saralash o‘yinlarida urilgan gollari soni bo‘yicha (36) azaliy raqobatchisi Krishtianu Ronalduga yetib oldi.

U shu kuni het-trik qilishi ham mumkin edi, ammo ofsayd tufayli uning uchinchi goli bekor qilindi. Lekin barchasi shusiz ham chiroyli va juda ta’sirli chiqdi – final hushtagidan so‘ng salyut va butun mamlakatning kumiri sharafiga qo‘shiqlar yangradi.

JCh-2026 saralashi yakuniga yana bir tur qolgan. Ammo Leo Ekvadorga qarshi safar o‘yinida qatnashmaydi – jamoa muddatidan oldin yo‘llanma masalasini hal qilgan.

Shu bilan birga, Venesuelaga qarshi o‘yin Messining milliy jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘lib qolishi mumkin. U JCh-2026 ga borishiga shubha bilan qarashda davom etmoqda: «Men jahon chempionati haqida oldin ham gapirgandim: men yana bir bor qatnashaman deb o‘ylamayman... Yoshimni hisobga oladigan bo‘lsak, men u yerda o‘ynamasligim mantiqiy. Ammo biz deyarli maqsadga yetdik, shuning uchun men qattiq hayajondaman va o‘ynashga ishtiyoqmandman.

Doimo aytganman, men bunga kun sayin yaqinlashaman. Barchasi o‘zimni qanday his qilishimga bog‘liq. Birinchi navbatda, o‘zimga nisbatan rostgo‘y bo‘lishim lozim. O‘zimni yaxshi his qilsam, bu menga yoqadi, ammo buning aksi bo‘lsa, to‘g‘risini aytaman, men bundan zavqlana olmayman. Shu tufayli agar o‘zimni yomon his qiladigan bo‘lsam, maydonga chiqmaslikni afzal ko‘raman. Ko‘ramiz. Men hali jahon chempionati borasida bir qarorga kelmadim. O‘yindan o‘yinga mavsum oxiriga qarab boramiz, keyin esa mavsumoldi yig‘inida qatnashaman va yana yarim yil vaqt qoladi. Ko‘ramiz, o‘zimni qanday his qilarkanman. Umid qilamanki, men 2026 yilda mavsumoldi yig‘inini yaxshi o‘tkazaman va MLSda mavsumni yaxshi kayfiyatda yakunlayman, shundan keyin bir qarorga kelaman».

Aytish kerakki, Messidan bunday fikrlar oldin ham yangragan. 2022 yilda u ishonch bilan Qatardagi jahon chempionati faoliyatidagi so‘nggisi bo‘lib qolishini aytib, AQShga borish variantini o‘ylab ham ko‘ramagandi. Endi esa uning so‘zlari ishonchsiz ko‘rinmoqda.

Oqshomdagi hissiyotlar va so‘zlar

Shu kuni Argentina milliy jamoasi bosh murabbiyi Lionel Skaloni ko‘z yoshlarini bazo‘r tiyib o‘tirdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida esa jurnalistning shu haqdagi savoliga javob qaytara olmadi — zaldagilar uni olqishlashdi.

«Ha, Leo aytganidek, bu o‘yin hissiyotlarga boy, o‘ziga xos va yoqimli bo‘ladi – axir bu chindan ham Argentinadagi JCh-2026 saralash bosqichidagi so‘nggi bellashuvimiz. Biz har doim aytganimizdek, undan zavq olishimiz kerak», – deya qayd etdi Skaloni.

Venesuela bilan o‘yindagi dubl Messi uchun milliy jamoa safidagi 194 o‘yinda urilgan 113- va 114-gollar bo‘ldi – bu Argentina uchun rekord ko‘rsatkich. U jamoa bilan 2022 yilda jahon chempioni bo‘ldi, ikki bor Amerika Kubogi g‘olibiga aylandi (2021, 2024), 2022 yilgi Finalissima va 2008 yilgi Olimpiadada g‘olibligini qo‘lga kiritgan. «Monumental» stadioni uni saralashdagi muhim gollariga ham guvoh bo‘lgan: masalan, 2021 yil oktyabrida Urugvay va 2017 yil martida Chili darvozasiga urgan g‘alaba gollarini.

U terma jamoadan ketishini hali e’lon qilmagan bo‘lsa-da, bu oqshom muxlislar Leoning Argentinadagi so‘nggi o‘yiniga guvoh bo‘lishdi.

Mavzuga oid