2026 yilgi jahon chempionatida guruh bosqichi rasman yakunlandi. 28 iyunga o‘tar kechasi J, K va L guruhlarida so‘nggi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Jazoir va Avstriya yorqin kechgan o‘yinda durangga imzo chekishdi (3:3), Argentina ikkinchi tarkibi bilan Iordaniyani mag‘lubiyatga uchratdi (3:1), Portugaliya Kolumbiya darvozasiga yo‘l topolmadi (0:0), O‘zbekiston Kongo DR bilan o‘yinda yutqazib, turnirni tark etdi (1:3), Angliya Panamadan (2:0), Xorvatiya – Ganadan (2:1) ustun keldi.

Jazoir va Avstriya «kelishuvi»

Jazoir – Avstriya 3:3
Gollar: Arnautovich, 28 (0:1). Belgali, 45 (1:1). Zabitser, 55 (1:2). Mahrez, 60 (2:2). Mahrez, 90+3 (3:2). Kalayjich, 90+6 (3:3)
Jazoir: Benbu, Mandi, Bensebayni, Hajam (Belayd, 71), Belgali (Ayt Nuri, 71), Shaybi, Bintolib, Maza, Auar (Gedjyemis, 90), Mahrez, Guiri (Shergi, 71)
Avstriya: A. Shlager, Alaba (Danso, 62), Linhart, Mvene (Kalayjich, 90), Posh, K. Shlager (Vanner, 46), Zayvald, Shmid (Grillich, 46), Zabitser, Laymer, Arnautovich (Gregorich, 46)
Ogohlantirish: Arnautovich, 11

Uchinchi tur oldidan J guruhida ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallab turgan Avstriya va Jazoir o‘rtasidagi o‘yinda durang ikki jamoani ham pley-offga olib chiqishi ma’lum edi. Bunday holat bu safargi jahon chempionatida yangilik emas – avvalroq D kvartetida Paragvay va Avstraliya, F guruhida Yaponiya va Shvetsiya shunday holatda qolgandi. Yakunda ushbu jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida durang hisoblar qayd etilgandi.

Shu bilan birga, jazoirliklar va avstriyaliklarni «kelishilgan» o‘yinda ayblab bo‘lmaydi. Jamoalar ilk daqiqalardan hujumkor o‘yin namoyish etishdi va birinchi bo‘limda bittadan gol urishdi. Ikkinchi bo‘limda Avstriya yana hisobda oldinga chiqib oldi – bunday hisob guruhlardagi uchinchi o‘rin egalari orasida sakkizlikni yopib turgan Eron uchun foydali edi. Ammo shundan keyin Mahrez hisobni tenglashtirdi va so‘nggi daqiqalargacha eronliklar sakkizlikdan tashqarida turdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ushbu futbolchi dublni rasmiylashtirdi va endi eronliklar Afrika vakillariga muxlislik qila boshladi – bu hisob endi Avstriyani uchinchi o‘rin egalari reytingida Erondan pastga tushirib yuborgandi. Ammo osiyoliklarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi va Avstriya baribir hisobni tenglashtirdi. Natijada Eron uchinchi o‘rin egalari reytingida yana to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi va mundialni tark etdi.

Ikkinchi o‘rin bilan pley-offga chiqqan Avstriyani endi Ispaniyaga qarshi o‘yin kutmoqda. Jazoir esa 1/16 finalda Shveytsariya bilan o‘ynaydi.