Moliya | 02:32 / 10.09.2025
5884
2 daqiqa o‘qiladi

Alibaba humanoid robotlarga investitsiya kiritdi

Xitoyning gumanoid robotlar ishlab chiqaruvchi X Square Robot startapi 100 million dollarga yaqin investitsiya jalb qilganini e’lon qildi. Bunda yetakchi investor Alibaba Cloud bo‘lgan.

Foto: X Square Robot

Shenchjyenda joylashgan X Square Robot 2023 yilning dekabrida ishga tushirilgan bo‘lib, hali ikki yil to‘lmaganiga qaramay, bu uning sakkizinchi moliyaviy raundi hisoblanadi.

O‘tgan vaqt davomida startap jami 2 milliard yuan (280 million dollar)ga yaqin investitsiya jalb qilgan.

Venchur kapitalistlar gumanoid robotlarga katta mablag‘ kiritmoqda. Ular generativ sun’iy intellekt bilan integratsiya bu mashinalarning odamlar bilan o‘zaro aloqasini tubdan o‘zgartirishiga ishonishmoqda.

Humanoid Guide tadqiqot firmasi bu kabi robotni bozorda 80 ming dollarga sotish mumkin, deb hisoblamoqda. Raqobatchi Unitree esa 16 ming dollarlik gumanoid robot sotmoqda, ammo uning funksiyalari ancha past.

Startap kelasi yili IPO (birlamchi aksiyalarni joylashtirish)ga chiqishni rejalashtirmoqda. X Square Robot maktablar, mehmonxonalar va qariyalar uylari bilan sotuvlardan daromad topmoqda va bu ko‘rsatkich keyingi yilda yanada oshishi kutilmoqda.

Kompaniya, shuningdek, Yaponiyada va Singapurda mijozlar bilan muzokaralar olib borayotganini bildirdi. Ammo robotlarning keng iste’mol bozoriga chiqishi uchun narx 10 000 dollargacha tushishi lozim. Bunga esa, asosan, apparat qismlarining arzonlashishi orqali erishish mumkin.

Shu bilan birga, robotlar uchun SI hanuz generativ darajadan ancha orqada qolmoqda. Bu borada Xitoy robotlar va SI qo‘llanmalari bo‘yicha global ustunlikka chiqish yo‘lida davom etyapti.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid