O‘zbekiston | 12:28 / 10.09.2025
33415
2 daqiqa o‘qiladi

Angrendagi YTHda halok bo‘lganlar soni 11 kishini tashkil etmoqda

Mudhish YTH oqibatida yana kamida 4 kishi vafot etgan. IIVning so‘nggi ma’lumotida 8 ta avtomobil ishtirok etgan YTHda 7 kishi voqea joyida halok bo‘lgani, 9 kishi jarohatlangani va shundan 5 nafari tibbiyot muassasalariga yotqizilgani ma’lum qilingandi.

Foto: Videodan kadr

7 sentabr kuni Angrenda sodir bo‘lgan YTH yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning farmoyishi qabul qilindi. Biroq farmoyish e-qaror.gov.uz platformasida shaxsga doir ma’lumotlar borligi vaji bilan yopib qo‘yilgan.

Daryo.uz nashri xabar qilishicha, hokim farmoyishida YTH oqibatida 11 kishi halok bo‘lgani keltirilgan. Unga ko‘ra, 9 sentabrda imzolangan farmoyishda 6 kishi turli darajada tan jarohatlari olib shifoxonaga joylashtirilgani qayd etilgan.

Shuningdek, hujjatda viloyat hokimi o‘rinbosarlari va tegishli tashkilotlar YTH oqibatida vafot etganlarning shaxsiga aniqlik kiritishi, ularning oila a’zolariga hamda jabrlanganlarga tibbiy, moddiy, psixologik va boshqa yordamlar ko‘rsatishi belgilangan. Halok bo‘lganlarning dafn marosimlari bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi qayd etilgan. Jarohat olganlarga Angren shahar tibbiyot birlashmasida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirilgan.

Kun.uz’ning ichki ishlar organlaridagi manbasiga ko‘ra esa bugunga kelib ushbu YTH oqibatida vafot etganlar soni 13 kishiga yetgan.

UPD: Rasmiylar vafot etganlar soni 13 nafarga yetganini tasdiqlamayapti.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentabr kuni soat 12:20 atrofida Qamchiq dovonidan Angren shahriga kirib kelish joyida dahshatli avariya ro‘y bergandi: sement tashuvchi Shacman rusumli yuk avtotransporti boshqaruvni yo‘qotib, harakat yo‘nalishidagi temiryo‘l kesishmasida to‘xtab turgan ikkita yuk avtomashinasi hamda beshta yengil avtotransport vositalari bilan to‘qnashib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan. IIV hodisa oqibatida 7 nafar fuqaro voqea joyida vafot etganini, turli tan jarohatlari olgan 5 nafar fuqaro tibbiyot muassasalariga yotqizilganini hamda 4 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid