O‘zbekiston | 12:17 / 11.09.2025
2808
1 daqiqa o‘qiladi

Pulli to‘xtash joylari uchun hududda istiqomat qiluvchilarga imtiyozlar yaratiladi

Ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi uchun rezidentlik ruxsatnomalari joriy etiladi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Pulli to‘xtash joylari uchun hududda istiqomat qiluvchilarga maxsus imtiyozlar taqdim etiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, rezidentlik ruxsatnomasi egalari o‘z mahallasi hududidagi pulli to‘xtash joylaridan sutkaning kechki paytidan tonggacha imtiyozli shartlarda foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. 

Shuningdek, kunduzgi vaqtda ham muayyan chegirmalar beriladi, bayram va dam olish kunlarida esa yanada kengroq imtiyozlar taqdim etiladi.

Hozirgi kunda rezidentlik ruxsatnomalarini elektron tartibda olish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali bilan integratsiya ishlari olib borilmoqda. Jarayonlar joriy yil noyabr oyiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.

Ushbu ishlar yakunlanganidan so‘ng, Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilinib, ruxsatnoma berish tartibi, amal qilish muddati, huquqqa ega bo‘luvchi fuqarolar toifasi, taqdim etiladigan imtiyozlar ro‘yxati aniq belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid