Sog‘lom hayot | 18:45 / 14.09.2025
26654
7 daqiqa o‘qiladi

“Olma sirkasi” - o‘zini kasalga chiqarib, mashhurlikka erishgan bloger hikoyasi

Avstraliyalik bloger Bell Gibson – zamonamizning eng mashhur qalloblaridan. U yillar davomida o‘zini saratonga chalingan deb ko‘rsatib, go‘yoki parhez va an’anaviy tibbiyot yordamida davolanayotganini iddao qilib kelgan. O‘zidan “salomatlik guru”sini yasab olgan firibgar hatto o‘z mobil ilovasi va retseptlar kitobini ham sotuvga chiqargan.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Netflix'da “Olma sirkasi” nomli mini-serial chiqdi. Serialda o‘zini go‘yoki saraton kasalligiga chalingan va o‘zini o‘zi tabiiy yo‘l bilan davolayotgandek qilib ko‘rsatgan firibgar haqida hikoya qilinadi.

Bu firibgarning ismi – Bell Gibson va u to‘qima personaj emas. 1991 yilda Avstraliyada tug‘ilgan Gibson 2013-2015 yillarda ijtimoiy tarmoqlarda inflyuenser darajasiga chiqqan. Forbes jurnali uning qanday qilib soxta “salomatlik gurusi”ga aylangani va birdan hammasidan ayrilgani haqida hikoya qilib berdi.

Soxta muvaffaqiyat

Bell Gibson 2013 yil may oyida Instagram'da @healing_belle nomli akkaunt ochadi. Akkauntning nomi “Tuzalayotgan Bell” ma’nosini anglatadi. U odamlarni laqillatishni boshlarkan, 2009 yili unga miya saratonining oxirgi bosqichi tashxisi qo‘yilgani haqida yozgan. Go‘yoki shifokor unga: “Senda xavfli o‘simta bor, Bell. Sen o‘lyapsan. Atigi olti hafta, eng ko‘pi to‘rt oy umring qoldi”, degan. Gibson o‘zidagi saratonning sababi sifatida odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani ko‘rsatgan.

Gibson zamonaviy tibbiyot yordam bermaganini, balki faqat sog‘lom ovqatlanish, mashqlar va kompleks yondashuv asosidagi chora-tadbirlar uni saqlab qolganini aytgan. Bu “mo‘jizaviy” hikoya esa tezda yuz minglab obunachilarni o‘ziga jalb qilgan.

Shu tariqa, Gibson qisqa muddatda Avstraliyadagi eng mashhur inflyuenserlardan biriga aylandi. Uning sahifasiga 200 mingdan ortiq odam obuna bo‘ldi. U tezda mashhurlikdan foyda olishni o‘yladi va o‘sha yilning o‘zida “The Whole Pantry” nomli sog‘lom ovqatlanish haqidagi mobil ilovasini chiqardi. Ilovani birinchi oydayoq 200 ming marta yuklab olishdi va Gibson taxminan 1 mln dollar ishlab oldi.

O‘shanda Apple kompaniyasi Gibsonning ilovasini “yilning eng yaxshi oziq-ovqat va ichimlik ilovasi” deb tan olgan. Elle Australia nashri Bell haqida: “Yilning eng ilhomlantiruvchi ayoli” deya maqola chiqargan. Cosmopolitan jurnali esa unga “Quvnoq va qo‘rqmas ayol” mukofotini bergan.

Bell 2014 yilda Penguin nashriyoti bilan pazandalik kitobi uchun shartnoma imzolaydi. U xayriya aksiyalarini o‘tkazib, turli nodavlat-notijorat tashkilotlarga 300 ming dollar xayriya qilganini aytadi. Bu paytda u o‘zidagi saraton “bachadon, taloq, jigar va qon tizimiga tarqalgani”ni da’vo qilardi.

Yolg‘on fosh bo‘ldi

2015 yilga kelib, Gibsonning “salomatlik imperiyasi” qulay boshladi. AQSh va Buyuk Britaniyada pazandalik kitobi chiqishidan oldin, The Age gazetasi muxbirlari uning hikoyasi uydirma ekanini aniqladi.

8 mart kuni gazeta Gibson xayriyaga va’da qilingan pullarni bermaganini yozib chiqdi. Keyinroq uning ismi ham soxta bo‘lishi mumkinligi haqida maqola chop etildi. Tanishlari Gibsonning kasalligi haqida shubhalarini aytishdi. Malakali neyroxirurg esa uning tashxisga oid gaplari tibbiy mezonlarga mos emasligini bildirdi.

Shundan keyin Gibson barcha ijtimoiy tarmoqlardagi kasallik haqidagi postlarini o‘chirib tashladi. The Whole Pantry ilovasining Facebook va Twitter sahifalari, minglab suratlar yo‘q qilindi.

Oradan bir oy o‘tib, Gibson Woman’s Weekly jurnaliga, keyinroq 60 Minutes Australia'ga bergan intervyularida yolg‘onini tan oldi. Lekin gaplari bir-biriga mos kelmas edi: bir intervyusida umuman saratonga chalinmaganini aytgan bo‘lsa, boshqasida “bir shifokor noto‘g‘ri tashxis qo‘ygani”ni bildirdi.

Bu shov-shuvdan keyin Avstraliyaning Viktoriya shtati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi tekshiruv o‘tkazdi va Gibsonning to‘qib chiqarilgan tashxisi hamda xayriya pullari haqidagi da’volari iste’molchilar huquqlarini buzishini tasdiqladi.

Fosh bo‘lishdan keyingi hayot

2017 yilda Gibson 410 ming avstraliya dollari – taxminan 260 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortildi. Uning pazandalik kitobi sotuvdan olindi. Sud Gibsonni qamoq, mol-mulkni musodara qilish yoki boshqacha jazo qo‘llash bilan ogohlantirganiga qaramay, Gibson 2025 yil mart oyi holatiga haligacha jarimani to‘lamagan. Politsiya 2020 va 2021 yillarda uning uyida tintuv ham o‘tkazgan, lekin pulni undira olmagan.

Bell Gibson firibgarligi ochilib qolganidan beri jamoatchilikka kamdan kam ko‘rinadigan bo‘lgan. Shunga qaramay, 2020 yilda ijtimoiy tarmoqlarda u o‘zini “Sabonty” deb tanishtirib, Melburndagi oromo etnik guruhi uni o‘z tarkibiga qabul qilgani haqida video chiqardi, lekin guruh rahbari buni inkor qildi.

The Age gazetasi muxbirlari Gibsonning firibgarlik tarixini “The woman who fooled the world” – “Dunyoni aldagan ayol” kitobida yozib chiqqan. Ayni shu kitob Netflix'da e’lon qilingan “Olma sirkasi” serialiga asos bo‘lgan.

Serial mualliflari nima deydi?

Albatta, serialda Bell Gibsonning o‘zi ishtirok etmagan. Serial muallifi Samanta Shtraussning aytishicha, Gibson bu serialdan hech qanaqa moddiy manfaatdorlik ko‘rmaydi. Shtrauss bu film orqali Gibsonni oqlash niyatida emasligi, balki uning og‘ir bolaligi, yolg‘onlarga o‘rganib qolishi va mashhurlik cho‘qqisidan qulashi kabi jihatlarini o‘rganmoqchi bo‘lganini aytadi.

Serial salomatlik yo‘nalishidagi inflyuencerlar “mo‘jizaviy vositalar” orqali odamlar sog‘ligidan pul ishlashini ochib beradi.

“Muammo shundaki, ayrimlar bu vositalarni kimyoterapiya yoki tibbiy davolash o‘rniga tavsiya qilishadi. Mana shu – vellness sanoatining qorong‘i tomoni”, – deydi The Age muxbiri Nik Toskano.

Mavzuga oid