Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
6 nafar mashhur bloger 3,1 mlrd so‘m soliq to‘lamagani aniqlandi
Soliq qo‘mitasining o‘rganishlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistondagi TOP-110 nafar bloger rasmiy hujjatlarda jami 2,7 mlrd so‘mlik daromad topganini aks ettirgan va ular 110 mln so‘m soliq to‘lagan. 6 nafar TOP bloger faoliyati (reklamalari, storislari) hisoblab chiqilganda esa, davlat budjetiga 3,1 milliard so‘m soliq to‘lanmasdan qolgani aniqlangan.
8 iyun kuni Soliq qo‘mitasi blogerlik faoliyatida soliq ma’muriyatchiligi mavzusida onlayn seminar o‘tkazdi. Unda Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyot monitoringi boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Kamola Ahmedjonova 2025 yilda blogerlar to‘lagan soliqlar haqida ma’lumot berdi.
Uning aytishicha, TOP-110 nafar bloger faoliyati o‘rganilganda, 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida, 22 nafari jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritayotgani oydinlashgan. Bu blogerlarning 2025 yil davomida aks ettirgan daromadi 2,7 mlrd so‘mni, to‘langan soliqlar 110 mln so‘mni tashkil qilgan.
“Lekin bizning o‘rganishlarimiz natijasida 6 nafar TOP bloger faoliyati, reklamalari, storislari hisoblab chiqilganda, davlat budjetiga 3,1 milliard so‘m soliq to‘lanmasdan qolgani aniqlandi”, - deydi mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, aksar blogerlar o‘zini o‘zi band qilgan toifaga kirmaydi, chunki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yollanma ishchi qabul qilib ishlata olmaydi. “Sizlarning ko‘pchiligingizda administratorlaringiz bor, reklama menejerlaringiz bor”, - dedi Kamola Ahmedjonova.
Blogerlar qanaqa soliq to‘laydi?
Seminar davomida Umumbelgilangan soliq ma’murchiligi boshqarmasi davlat soliq bosh inspektori Alisher Otajonov blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarning soliq to‘lash tartibi haqida ma’lumot berdi.
“Blogerlik faoliyati bilan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs shug‘ullanadigan bo‘lsa, bularning olgan daromadi soliq agentidan ushlab qolinadi. Misol uchun, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yuridik shaxsga xizmat ko‘rsatganda, elektron hisob-faktura orqali daromadini rasmiylashtirganda o‘sha soliqqa tortiladigan bazasidan 1 foizni yuridik shaxs soliq agenti sifatida ushlab qoladi va davlat budjetiga o‘tkazib beradi. Bu yerda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs o‘sha soliq hisobotini shakllantirganda soliq agenti ushlab qolgan daromadlarning bazasi soliq hisobotida chegirilgan holda bo‘ladi”, - dedi u.
Alisher Otajonovning tushuntirishicha, o‘zi mustaqil ravishda o‘zini o‘zi band qilgan shaxs olgan daromadlari bo‘lsa, bu soliq hisobotida aks etadi. O‘sha shakllantirgan fakturasi yoki kassa apparatdan kirim qilingan summasi yoki “Paynet xolis” orqali summalari hisobotda aks etadi va “Paynet xolis” orqali olingan daromadlari soliq hisobotida chegiriladi.
“Bu daromadning summalarini, soliqlarni “Paynet xolis”ning o‘zi soliq agenti sifatida budjetga to‘lab beradi. Faqat mustaqil ravishda olgan daromadlari soliq hisobotida aks etadi. Soliq hisobotlarini shakllantirish o‘sha tashqi manba ma’lumotlariga asosan hisobotda avtomat shakllanadi va soliq to‘lovchi belgilangan muddatlarda soliq hisobotini soliq organlariga yubormasa, buni soliq organlari avtomatik ravishda, ya’ni proaktiv tarzda hisobotini shakllantiradi va soliq to‘lovchi uchun hisobotlarni yuborib beradi”, - dedi u.
Otajonovning qo‘shimcha qilishicha, yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yoki yuridik shaxs sifatida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchi sifatida faoliyat ko‘rsatgan tadbirkorlar umumbelgilangan soliq turiga o‘tgandan keyin bir yil davomida foyda soliq hisobotini topshirmaydi yoki foyda soliq hisoboti, foyda solig‘ini to‘lamaslik huquqi berilgan.
Shuningdek, seminarda obunachilar soni juda kam bo‘lgan blogerlar qancha soliq to‘lashiga oid savolga javob berildi. Mutaxassislarga ko‘ra, soliq obunachilar soniga qarab to‘lanmaydi, balki jismoniy shaxsning yoki yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning olgan daromadidan kelib chiqib, 1 foiz soliqqa tortiladi.
Mavzuga oid
18:49 / 06.06.2026
“6 foizlik QQSga avtomatik o‘tilmaydi” - yangi soliq tartibotiga ekspertlar sharhi
14:11 / 03.06.2026
QQS chegarasi 5 mlrd so‘m bo‘ldi. Erkinlashgan biznes nima demoqda?
10:32 / 03.06.2026
Sho‘rtan GKMni kengaytirish doirasidagi 643 mlrd so‘mlik talon-toroj fosh etildi
12:31 / 02.06.2026