Jahon | 20:50 / 14.09.2025
16178
11 daqiqa o‘qiladi

Qabul qilingan «Falastin deklaratsiyasi», rus dronlari NATO osmonida – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 14 sentabr, yakshanba. Haftamiz juda ajoyib boshlandi: ko‘z o‘ngimizda koinotning takrorlanmas mo‘jizasi sodir bo‘lib, Oy tutildi. Kuzatgan bo‘lsangiz, qandaydir bir soat ichida butun boshli Oy Yerning soyasi tushib, deyarli ko‘rinmay qoldi. Va hech qancha o‘tmay, endi Oy qizg‘ish rangga kirdi. G‘arbda bu hodisani «Qonli Oy» deyishadi. Chindan Oy Yer atmosferasi Quyosh nurlarini «kesishi» sabab qonga o‘xshash tusga kiradi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Bizning mahoratli, doim sergak fotografimiz Muhammadjon G‘aniyev bu holatni kadrga muhrladi. Bu suratlardan shunchaki zavqlaning, koinotimiz qandayin betakror ekanini his qiling.

Bilasizmi, ko‘z o‘ngimizda mana shunday mo‘jiza sodir bo‘layotgan bir vaqtda ham inson o‘zini yig‘ishtirib olmagani juda qayg‘uli. O‘sha paytda qorong‘i bo‘lgan barcha davlatlarda Oy tutilishini bemalol tomosha qilishdi. Tabiat bu mo‘jizasi orqali insonlarga ular bir osmon ostida yashashlarini yana eslatdi. Samarqandda ham shu Oy, Vashingtonda ham, Kiyev va Moskvada ham, Quddus va Tel-Avivda ham. Axir sayyoramiz bitta, vazifamiz ham bitta bo‘lishi kerak – yaxshi yashash, bir-birimizni o‘ldirish emas. Biz odatdagidek, haftaning eng muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.

BMT Falastin davlati tuzilishini tasdiqladi

Haftaning eng muhim voqeasi BMT Falastin davlati tuzilishi to‘g‘risidagi «Nyu-York deklaratsiyasi»ni qabul qilgani bo‘ldi. Juma kuni o‘tkazilgan tashkilot yig‘ilishida aksar a’zolar qo‘llovi bilan Falastin yerlaridagi urushni hal qilish uchun hududda ikki davlat – Falastin va Isroil davlati bo‘lishi kerak degan qaror qabul qilindi.

Deklaratsiya Fransiya va Saudiya Arabistoni tomonidan ilgari surilgandi. Uni qo‘llab 142 davlat, xususan, O‘zbekiston ham ovoz berdi. Deklaratsiyaga Isroil, AQSh, Mojariston, Argentina, Paragvay va yana beshta kichik davlat qarshi chiqdi.

Falastin yerlarini bosib olishdan to‘xtamayotgan Isroil tabiiyki, bu deklaratsiyani qabul qilmasligi, «uning qabul qilinishi HAMASning g‘alabasi bo‘lishini» iddao qildi. Biroq qabul qilingan hujjatda HAMASni qurolsizlantirish va guruhni G‘azoni nazorat qilish huquqidan mahrum qilish qayd etilgan.

Eng yomoni – deklaratsiya hech qanday majburlovchi kuchga ega emas. Unda Isroilni to‘xtatish uchun qanday chora ko‘rish qayd etilmagan. Butun dunyoda Falastin davlati tuzilishi haqida gapirishayotganidan g‘azablangan Isroil G‘azoda ayovsiz operatsiyalar o‘tkazib, tinch aholini o‘ldirishda davom etmoqda.

Rus dronlari Polsha osmonida

Hafta davomida Polsha bosh vaziri Donald Tusk 19 ta Rossiya droni mamlakat havo hududini buzib kirgani haqida xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, aksar dronlar bombasiz bo‘lgan. Shunga qaramay, oddiy plastikdan yasalgan dronlarni urib tushirish uchun NATO qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilgan. Polsha tomoni hodisani «Rossiya tomonidan amalga oshirilgan katta provokatsiya» deb atadi. Lekin NATO va Polsha buni alyans davlatiga hujum deb baholamagan.

Oxirgi vaqtlarda Polsha Belarus bilan chegarasini mustahkamlashga kirishdi. Boltiqbo‘yi davlatlari ham shunday qilyapti. Chunki Rossiya va Belarus harbiylari qo‘shma mashg‘ulot boshlagan. 2022 yil fevralda ham ruslar va belaruslar birgalikda harbiy mashg‘ulot o‘tkazgan, keyin ruslar Belarus hududidan turib Ukrainaga bostirib kirgandi.

Chegara bilmas Isroil

Hafta davomida Isroil HAMASning Qatardagi shtab-kvartirasiga zarba yo‘lladi. Zarba nishoni harakat siyosiy lideri Xolid Mash’al bo‘lgan. Lekin arab nashrlariga ko‘ra, Mash’al tirik qolgan. Bu Isroilning Qatarga birinchi hujumi bo‘ldi. Odatda Qatar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachilik qilib kelar, shu bilan birga harakat siyosiy qanoti uchun xavfsiz boshpana ham bergandi. Aftidan, Al Jazeera G‘azodan Isroilni qoralab tinimsiz reportajlar tayyorlashi Netanyahuning jahlini chiqargan ko‘rinadi, bor-ey deb arab davlatiga raketa otishdi.

Ehtimol Isroil Qatarga raketa uchirishiga oldinroq Eron ham bu davlatga raketa otgani va Doha hech qanday reaksiya ko‘rsatmagani ham turtki bo‘lgandir. Esingizda bo‘lsa, Eron Qatardagi Amerika bazasiga raketa otgan, lekin Doha bayonot berishdan nariga o‘tmagandi. Bu gal ham shunday bo‘ldi, Qatar Isroilga hech qanday harbiy javob bera olmadi.

Nepalda qo‘zg‘olon

Haftaning eng shov-shuvli voqealaridan biri Nepaldagi qo‘zg‘olonlar bo‘ldi. Odatda dunyo aholisi ko‘p ham e’tibor bermaydigan bu Osiyo davlati rahbarlari ijtimoiy tarmoqlarni bloklashga kirishgani ortidan ag‘darildi. Yosh nepalliklar «hali senlarmi bizning telefonda nimalar qilishimizni belgilaydigan», deb ko‘chalarga chiqdi va butun boshli vazirlarni tepkilab tashlashdi. Xalq orasida sariq chaqalik hurmati bo‘lmagan vazirlar, hukumat rahbarlari esa sharmandalarcha qochib qolishdi. Qo‘lidan nima ham kelardi bu xalq g‘amini yemagan nepallik mulozimlarning...

Nepal hukumati qaysidir ma’noda butun dunyodagi hukumatga aslo qilib bo‘lmaydigan bir ishni eslatdi: insonlarning erkini cheklash kerak emas, buning oxiri voy bo‘ladi.

Xarita oldidagi suhbat

Hafta davomida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ABC telekanaliga intervyu berdi. Bu intervyudagi bir joyiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Zelenskiy unda Oq uyda Tramp va uning jamoasi bilan xarita oldida gaplashganini aytib bergan. Esingizda bo‘lsa, Tramp Putin bilan ko‘rishganidan keyin Zelenskiy Yevropa liderlari bilan Vashingtonga borgan va ular Oq uyda amerikaliklar chizgan xarita oldida gaplashgandi.

Ukraina liderining aytishicha, ukrainlar ham uchrashuvga o‘z xaritalari bilan borgan. Zelenskiy Tramp, Uitkoff va boshqa amerikaliklarga Donbass mudofaasi nima uchun muhimligini tushuntirishga uringanini kulib gapirib bergan. Ya’ni butun boshli Amerika prezidenti, uning maxsus vakili Donbass Ukraina mudofaasi uchun qanchalik muhimligi haqida butkul boshqacha tushunchada bo‘lgan.

Masalan, Zelenskiyning aytishicha, Putin Uitkoffga «ruslar Donbass 2-3 oyda egallab olishini» aytgan ekan. Shu gapdan kelib chiqqan Tramp Zelenskiyga «Shu yerlarni beraqol, baribir topshirasizlar-ku», degan mazmunda gapirgan. Zelenskiy esa ruslar urush davomida Donetsk oblastining faqat uchdan bir qismini olgani, qolgan bir qismi o‘n yil avval olib bo‘lingani, oblastning 30 foizdan ko‘proq yerlari hamon Kiyev nazoratida ekanini tushuntirgan.

O‘sha gap, janob Tramp va ayniqsa uning milliarder do‘sti, diplomatiya ko‘chasidan o‘tmagan Stiven Uitkoff katta ehtimol Ukrainadagi urush haqida butkul boshqacha, to‘g‘rirog‘i, ularga Putin hikoya qilib bergan ko‘rinishda tasavvurga ega. Va bu taxmin AQSh boshchilik muzokaralar nojiddiy kechayotgani fonida o‘z isbotini topmoqda.

Trampdan g‘alati taklif

Hafta oxirida AQSh prezidenti Tramp qiziq bayonot berdi. Uning aytishicha, Rossiyaga qarshi keskin sanksiyalar qo‘llashga tayyor ekan. Tramp bu gapni nechinchi marta aytayotganini o‘zi ham bilmasa kerak. Agar u «Rossiyaga sanksiya qo‘yaman» degan har gapi uchun bittadan sanksiya qo‘llaganida, hozir sanksiyalar bo‘yicha rekord o‘rnatilgan bo‘lardi. Xuddi rahmatli qiziqchimiz Obid Asomov aytganiday, «Orolni to‘ldirish haqida o‘tkazilgan son-sanoqsiz konferensiyalardagi mehmonlar oldiga qo‘yilgan suvlarni olib borib to‘ksa ham Orol to‘lgan bo‘lardi».

Xullas, mister Trampning aytishicha, Yevropa Ittifoqi va NATOning barcha davlatlari Rossiyadan neft sotib olishni bas qilsa, u Moskvaga qarshi sanksiya qo‘llashga tayyor ekan. Mister prezident, esingizdan chiqqan bo‘lsa, eslatib qo‘yay: bu iddaongizga Ursula fon der Lyayyen xonim javob berib bo‘lgan. Xonim «Ittifoqdan faqat Rossiyaning do‘stlari Mojariston va Slovakiya neft oladi, biz ularni majburlolmaymiz-ku», degandi.

Tramp ham Orban boshliq Mojariston va Fitso boshliq Slovakiya Rossiyadan o‘la qolsa ham neft sotib olishni to‘xtatmasligini juda yaxshi biladi. Bu ikki davlat boshqa davlat tekin neft bersa ham, Rossiyadan sotib olaveradi. Trampning bu gapi esa «Janoblar, men Rossiyaga sanksiya qo‘ymayman, axir Putinning oyoqlari ostiga SSSR bayrog‘i rangidagi alvon gilam to‘shab qo‘ydim», degani.

Truba operatsiyasi 3.0

Rossiyalik harbiylar Kurskdagi Sujda shahrini egallash uchun gaz quvuridan foydalangani esingizda bo‘lsa kerak. Rossiya telekanallarida buni afsonaviy operatsiya, bunaqasi maktab darsliklariga kiradi, deb hikoya qilishgandi. Keyinchalik o‘sha operatsiya qahramonlarining taqdiri og‘ir kechdi, ularning aksarida o‘pka saratoni aniqlandi. Lekin nima bo‘lsa ham, ruslar urushda xavfli gaz quvurlaridan foydalanishda davom etmoqda.

Xarkivdagi Kupyansk shahriga kirish uchun ruslar yana gaz quvuri orqali harakat qildi. Rus kanallarida yozilishicha, harbiylar Oskol daryosini kechib o‘tish uchun quvurdan foydalanib, umumiy hisobda 4 km masofani bosib o‘tgan.

Ukraina tomoni ruslar quvur orqali shaharga kirganini rad etmoqda, lekin shahardagi vaziyat Kiyev uchun keskinlashganiga qaraganda, ruslar bu gal ham quvur operatsiyasini muvaffaqiyatli eplagan. Bu Avdeyevkadagi operatsiyani ham qo‘shib hisoblasa, ruslarning quvur orqali amalga oshirgan uchinchi amaliyoti bo‘ldi.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Bizni sentabrning keyingi yakshanbasida kuting.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid