Iqtisodiyot | 18:24 / 15.09.2025
4520
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoy iqtisodiyoti sekinlashmoqda – nega?

Xitoyda avgust oyi bo‘yicha e’lon qilingan iqtisodiy ko‘rsatkichlar mamlakat iqtisodiyotida sekinlashuv davom etayotganini ko‘rsatdi. Sanoat ishlab chiqarish, chakana savdo va investitsiyalar kutilgan darajada o‘sish qayd etmagan, uy-joy narxlari esa pasayishda davom etmoqda. Xitoyda 2024 yil o‘rtalaridan boshlab ichki talabning sustligi va ko‘chmas mulkdagi inqiroz sabab iqtisodiyot asta-sekin pasayish bosqichiga o‘tdi.

Foto: REUTERS

Xitoy Milliy statistika byurosi xabariga ko‘ra, avgust oyida sanoat ishlab chiqarishi yillik hisobda 5,2 foizga o‘sgan. Bu raqam o‘tgan oyga nisbatan yuqoriroq bo‘lsa-da, iqtisodiy faollikning to‘liq tiklanayotganidan dalolat bermaydi. Chakana savdo hajmi 3,4 foiz o‘sdi, biroq bu ham analitiklarning prognozlaridan pastroq natija bo‘ldi. Yanvar–avgust oylarida asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar atigi 0,5 foizga oshdi, ko‘chmas mulk investitsiyalari esa keskin — 12,9 foizga kamaygani qayd etildi.

Xitoy iqtisodiyoti sekinlashuvi oxirgi ikki yildan beri kuzatilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2023 yilda pandemiyadan keyingi qisqa muddatli tiklanishdan so‘ng, 2024 yil o‘rtalaridan boshlab ichki talabning sustligi va ko‘chmas mulkdagi inqiroz sabab iqtisodiyot asta-sekin pasayish bosqichiga o‘tdi. 2025 yilning birinchi yarmidan boshlab esa bu tendensiya yanada yaqqolroq ko‘rina boshladi: ishlab chiqarish hajmi sekinlashdi, iste’molchilar xarajatlari esa deyarli o‘sishsiz qoldi.

Ishsizlik darajasi avgust oyida 5,3 foiz atrofida bo‘ldi. Narxlar bo‘yicha ma’lumotlar esa deflyatsiya xavfi hanuz saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda: iste’mol narxlari indeksi yillik hisobda 0,4 foizga pasaygan, ishlab chiqarish narxlari indeksi esa 2,9 foizga kamaydi.

Uy-joy bozori ham Xitoy iqtisodiyotining eng zaif nuqtalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Reuters’ning yozishicha, avgust oyida yangi uy narxlari oyma-oy 0,3 foizga, yillik hisobda esa 2,5 foizga tushgan. 70 ta yirik shahar orasida 57 tasida pasayish kuzatilgan. Tahlilchilarning fikricha, ko‘chmas mulk sohasidagi muammolar mamlakat iqtisodiyotini uzoq muddatli o‘sishdan to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Jahon bankining Jahon iqtisodiyoti istiqbollari hisoboti so‘nggi nashriga ko‘ra, savdodagi keskinlik kuchayishi va iqtisodiy siyosatning noaniqligi joriy yilda jahon iqtisodiyot o‘sish sur’atlarining, to‘liq global retsessiya davrlarini hisobga olmaganda, 2008 yildan beri eng past darajagacha sekinlashishiga olib kelishi mumkin.

Mavzuga oid