Ta’lim | 17:59 / 16.09.2025
5653
3 daqiqa o‘qiladi

Yosh muhandislar tanlovi g‘oliblariga avtomobillar topshirildi

Toshkentda yosh muhandislarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy etilgan «Eng yaxshi g‘oya», «Eng yaxshi loyiha» va «Eng yaxshi ixtiro» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblari, shuningdek, «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindorlari uchun taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Muhandislik tanlovi 2025 yil may-iyul oylarida uch bosqichda tashkil etildi va unda 40 yoshgacha bo‘lgan 1262 nafar da’vogar ishtirok etdi. Loyihalar innovatsionlik, samaradorlik, amaliy qo‘llanish imkoniyati va barqaror rivojlanish mezonlari asosida baholandi.

Tanlov har bir yo‘nalishda uch toifada — «Talaba», «O‘qituvchi» va «Amaliyotchi muhandis» kesimida o‘tkazildi. Natijada jami 28 nafar g‘olib aniqlandi. Ular orasida to‘qqizta yo‘nalish va toifa bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari hamda «Barqaror rivojlanish uchun eng yaxshi ixtiro» maxsus nominatsiyasi g‘olibi bor.

Tadbirda to‘qqiz nafar birinchi o‘rin g‘olibiga BYD elektromobili topshirildi. Shuningdek, ikkinchi o‘rin sohiblariga va «Barqaror rivojlanish uchun eng yaxshi ixtiro» nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan yosh muhandisga rivojlangan davlatlarga barcha xarajatlari qoplanadigan stajirovka yo‘llanmasi berildi. Uchinchi o‘rin g‘oliblari 37,5 million so‘mlik pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Ta’kidlanishicha, «El-yurt umidi» stipendiya dasturi nafaqat iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, balki uzoq muddatli davlat strategiyasining bir qismidir. Asosiy maqsad — «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi vazifalarini hayotga tatbiq eta oladigan islohotchilar va yetakchilar avlodini tayyorlashdan iborat.

Forum doirasida ilk bor «EYUF Awards 2025» tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. 7 ta nominatsiya bo‘yicha eng yaxshi stipendiat taqdirlandi. Bular «Yilning namunali stipendiati», «Yilning eng yaxshi akademik yutuqlari», «Yilning eng yosh yetakchi stipendiati», «Yilning namunali loyihasi», «Yilning eng yaxshi ilmiy loyihasi», «O‘z kasbining ustasi», «Jamiyatga qo‘shgan ulkan hissasi uchun».

Akademik aloqalarni mustahkamlash va o‘zbekistonlik yoshlarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlashga katta hissa qo‘shgan hamkorlarga — vazirliklarga, davlat idoralariga va xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalariga tashakkurnomalar topshirildi.

2025 yilda «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi uchun birinchi ochiq tanlov yangilangan talablar asosida o‘tkazildi. Yakunda 173 nafar nomzod «O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «El-yurt umidi» stipendiyasi sovrindori» deb e’tirof etildi. Ular orasida 25 foizi ayollar.

Mavzuga oid