Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muhandis talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun amaliyot o‘taydigan tizim yaratiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 mart kuni qishloq va suv xo‘jaligi uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda qayd qilinishicha, kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida dual ta’lim tizimi joriy etiladi – talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘taydi.
Yig‘ilishda ko‘p sohalarda ilm real hayotdan uzoqlashib ketgani, qishloq va suv xo‘jaligida ham ayrim yirik loyihalarni amalga oshirishda ilmiy asoslash va ekspertizaga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani, olimlar va tadqiqotchilarning salohiyatidan to‘liq foydalanilmayotgani qayd etildi. Natijada ba’zi loyihalar kutilgan samarani bermayotgani ta’kidlandi.
Hozirgi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida 11 mingdan ortiq talaba ta’lim olmoqda, 7 ta fakultet, 37 ta kafedra va 38 ta ta’lim yo‘nalishi faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bandlik darajasi 93 foizni tashkil etadi. Universitetda xorijlik talabalar va professor-o‘qituvchilarning soni ham izchil oshib bormoqda.
Shu bilan birga, muhandis kadrlarni tayyorlashda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida dual ta’lim tizimini keng joriy etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Taklif etilgan yangi tizimga ko‘ra, talabalar 4 kun nazariy bilim oladi, 2 kun ishlab chiqarish korxonalarida haq to‘lanadigan amaliyot o‘taydi. Jumladan, suv xo‘jaligi yo‘nalishida suvni tejash va sug‘orishni samarali tashkil etish, gidrotexnika va gidroenergetika sohasida kanallarni betonlash, smeta tuzish va kichik gidroelektr stansiyalar qurilishida ishtirok etish, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash yo‘nalishida texnikalarni tayyorlash va hosilni yig‘ishtirish ishlarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Mamlakat suv resurslarining katta qismi transchegaraviy manbalarga bog‘liqligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, suv resurslari sohasida diplomat kadrlarni tayyorlash muhim strategik vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Universitetda tashkil etilgan “Xalqaro suv diplomatiyasi” magistratura dasturini kengaytirish va davlat granti asosidagi qabul o‘rinlarini ko‘paytirish taklifi ma’qullandi. Bu dastur orqali qo‘shni davlatlar uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Taqdimotda universitetning ilmiy-innovatsion salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar ham ma’lum qilindi. Xususan, dronlardan foydalanib, ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni prognozlashtirish, zararkunandalarga qarshi kurashish kabi xizmatlarni, kosmik monitoring ma’lumotlari asosida ilmiy tavsiyalar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Shu maqsadda universitetda dronlarni boshqarishga o‘qitish kurslari joriy etiladi, kosmik tadqiqotlar va sun’iy yo‘ldoshlar laboratoriyasi, kompleks ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, universitetda raqamli boshqaruv va KPI tizimlarini joriy etish, ta’limning uzluksiz “maktab – texnikum – universitet – ishlab chiqarish” zanjiri asosida kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bo‘yicha rejalar ham ma’lum qilindi.
Taqdimot yakunida davlat rahbari qishloq va suv xo‘jaligi sohalari uchun muhandis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash hamda ilg‘or texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Mavzuga oid
20:24 / 08.05.2026
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi
17:37 / 08.05.2026
Prezident Xotira kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi, faxriylar holidan xabar oldi
18:21 / 07.05.2026
Prezident jamoat transportini aglomeratsiya tizimi asosida rivojlantirishni buyurdi
17:56 / 07.05.2026