Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Real»da og‘ir start, Turinda yana triller, «Qorabog‘»da sensatsiya. Kun o‘yinlari
Yevropa Chempionlar ligasining yangi mavsumi start oldi. Seshanba oqshomida birinchi tur doirasidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.
Foto: Mateo Villalba Sanchez/Getty Images
Madridliklarda yana bir qiyin g‘alaba
«Real» – «Marsel» 2:1
Gollar: Vea, 22 (0:1). Mbappe, 29 - penalti (1:1). Mbappe, 81 - penalti (2:1)
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Hausen, Karreras, Aleksandr-Arnold (Karvahal, 5), Tshuameni, Arda Guler (Raul Asensio, 74), Valverde, Rodrigo (Dias, 63), Mastantuono (Vinisius Junior, 63), Mbappe
«Marsel»: Ruli, Balerdi, Medina, Emerson (Murilio, 78), Pavar (Igan-Rayli, 87), Kondogbiya (Vermeren, 66), Heyberg, O`Rayli (Payshan, 66), Vea (Guiri, 78), Grinvud, Obameyang
Ogohlantirishlar: Tshuameni, 35. Eder Militau, 54. Karreras, 90 – Pavar, 46. Medina, 75
Chetlatish: Karvahal, 72
O‘yinning boshlang‘ich qismi «Real»ning to‘liq ustunligida kechdi. Fransuzlar anchagacha himoyadan chiqishda uch-to‘rttadan ortiq aniq pas bera olishmadi va raqibning kuchli pressingi ostida to‘p yo‘qotaverishdi. Mbappe ikkita yaqqol vaziyatdan foydalana olmadi — avvaliga yaqin masofadan turib qaychi uslubida yo‘llagan zarbasi darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi, keyin esa Pavarni aldab o‘tib yo‘llagan zarbasini darvozabon Ruli qaytarib qoldi. Yana bir ajoyib vaziyat Mastantuonoda bo‘ldi, ammo darvoza ustuni mehmonlar joniga ora kirdi. Bu voqealarning barchasi dastlabki o‘n daqiqa ichida bo‘lib o‘tdi.
«Marsel» qarshi hujumlarda imkon poyladi va o‘zining chopqir hujumchilariga umid qildi. Va bu taktika o‘zini oqladi. Barchasi kutilmaganda ro‘y berdi: Guler to‘p yo‘qotdi, Grinvud uni egallab olib, oldinga yurdi hamda jarima maydoniga kirib kelgan Veani to‘p bilan ta’minladi, amerikalik hujumchi esa yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Kurtuaga imkon qoldirmadi.
Tablodagi 0:1 hisobiga qaramay, madridliklarning ustunligi ertami kechmi golga aylanishi kundek ravshan edi. Va bu ancha tez ro‘y berdi. O‘tkazilgan goldan yetti daqiqa o‘tganida Rodrigo driblingini ishga solib, raqib jarima maydonida Kondogbiani o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi, Mbappe 11 metrdan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Birinchi bo‘limda jamoalar birgalikda 26 zarba yo‘llashdi, shundan 18 tasi — «Real» hisobida (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan 11 zarba). Tshuameni, Mbappe va Guler navbati bilan olis masofadan xavfli zarbalar yo‘llashdi, lekin jamoalar tanaffusga 1:1 hisobida yo‘l olishdi. Bu birinchi navbatda Rulining xizmati bo‘ldi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, argentinalik posbon birinchi bo‘lim davomida o‘nta (!) seyv amalga oshirib, turnirning bir bo‘lim davomidagi seyvlari bo‘yicha rekord o‘rnatgan.
Ikkinchi 45-daqiqalik Mbappening zarbasi to‘singa borishi bilan boshlandi, muxlislar «Real»ning kuchli bosimi davom etishini kuta boshlashdi. Ammo bu aldamchi tuyg‘u bo‘lib chiqdi. Aksincha, «Marsel» shundan so‘ng o‘ziga keldi va to‘pni ishonch bilan nazorat qila boshladi, madridliklarning hujumlari natija beravermagach, o‘yin sur’ati ham tushib ketdi.
Alonso o‘zgarishlar qilishiga to‘g‘ri keldi — qanotlarni jonlantirish uchun Dias va Vinisius maydonga tushirildi. Ammo shunday kutilmagan voqea ro‘y berdi: o‘yinning 5-daqiqasidayoq jarohat olgan Aleksandr-Arnold o‘rniga tushgan tajribali Dani Karvahal asablarini jilovlay olmadi va qarshisida qizil kartochkani ko‘rdi. YeChLning olti karra g‘olibi sanalgan ushbu futbolchi Rulining provokatsiyasiga uchib, jamoasini ozchilikda qoldirib ketdi.

Ammo «Real» o‘n kishi holatida o‘yinni kuchaytira oldi. Vinisius tashabbusni qo‘lga olib, driblingni ishga soldi, himoyachi Medina podkatda ehtiyotsizlik qilib, to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi. O‘yinning bosh hakami Irfan Pelto yana bir penalti belgiladi va Mbappe bu safar ham zarbada adashmadi.
Yakunda «Real» qiyin g‘alabani qo‘lga kiritdi — 2:1. Mbappe o‘yinning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni oldi, ammo Rulining harakatlarini ham e’tirof etish kerak. Agar u bo‘lmaganida, mezbonlar yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi mumkin edi.
Oltin kolleksiya uchun o‘yin

«Yuventus» – «Borussiya» D 4:4
Gollar: Adeyyemi, 52 (0:1). Kenan Yildiz, 63 (1:1). Nmecha, 65 (1:2). Vlahovich, 67 (2:2). Koutu, 74 (2:3). Bensebayni, 86 - penalti (2:4). Vlahovich, 90+4 (3:4). Kelli, 90+6 (4:4)
«Yuventus»: Di Gregorio, Bremer, Kelli, Kalyulyu, Kopmeyners (Lokatelli, 69), Tyuram, Kambyaso, Makkenni (Joao Mariu, 59), Kenan Yildiz (Jyegrova, 87), David (Vlahovich, 58), Openda (Adjich, 69)
«Borussiya» D: Kobel, Anton, Bensebayni, Ryuerson, Nmecha (Bellinghem, 71), Zabitser, Svensson, Koutu, Bayyer (Brandt, 71), Adeyyemi, Girassi (Gros, 90)
Ogohlantirish: Anton, 42
Turinda qatorasiga ikkinchi o‘yinda muxlislar gollar yomg‘iriga guvoh bo‘lishdi. Bir necha kun oldin A Seriya doirasida «Inter»ga qarshi o‘yinda yakunda g‘alabani ilib ketgan mezbonlar bu safar YeChL o‘yinini sakkiz gol urilgan trillerga aylantirib berishdi. Holbuki, birinchi bo‘limdan keyin golsiz durang saqlanib qolgandi.
«Yuve» birinchi bo‘limda to‘liq ustunlik qildi, dortmundliklar esa 45 daqiqa davomida biror marta darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarba yo‘llay olmadi. Lekin tanaffusdagi ko‘rsatmalardan keyin boshqacha ishtiyoq bilan maydonga qaytgan mehmonlar Adeyyemining goli bilan hisobni ochishdi.
«Keksa sinioralar» tarkibida esa doimgidek Kenan Yildiz o‘zini ko‘rsatdi. Uning olis «to‘qqizlik» tomon aylantirib yo‘llagan zarbasi — futbol oqshomi bezagiga aylandi. Faqat mezbonlarning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi, ikki daqiqa o‘tib tinim bilmas Adeyyemi Nmechani golli pas bilan ta’minladi. O‘yindagi dastlabki uch gol ham olis masofadan yo‘llangan zarbalar orqali urildi. Biroz o‘tib o‘rta masofadan ham darvoza ishg‘ol etildi — bu safar Vlahovich hisobni tenglashtirdi. Katta ehtimol bilan, turinliklar safida so‘nggi mavsumini o‘tkazayotgan serbiyalik hujumchi Yildizning ajoyib pasi evaziga darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib ketdi. Jamoalar o‘n besh daqiqa ichida ikkitadan gol urishdi va bu hali hammasi emasdi.
75-daqiqada Yan Kouto ham jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi bilan to‘pni yaqin burchakka kiritdi. «Borussiya»ning uchta goli ham olis masofadan urildi. Keyin esa hakam turinliklar darvozasiga penalti qo‘ydi – kutilmaganda Girassiga emas, Rami Bensebayniga ishonch bildirildi. U esa 11 metrdan benuqson zarba berdi.
Ko‘p jamoalar voqealarning bunday rivojidan keyin taslim bo‘lib qo‘ya qolgan bo‘lardi, ammo Igor Tyudor boshqaruvidagi «Yuventus» emas. Dam olish kunlarida «Inter»ga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida kambek qilgan (4:3) turinliklar bu safar o‘yinga hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarishdi. 90+4-daqiqada Vlahovich dublni rasmiylashtirdi, ikki daqiqa o‘tib uning qanotdan uzatmasidan keyin Lloyd Kelli bosh bilan darvozani ishg‘ol qildi – ingliz himoyachisi qatorasiga ikkinchi o‘yinda muhim gol urmoqda.
Turinliklar va dortmundliklar muxlislar uchun haqiqiy bayram qilib berishdi, YeChLda bunga qadar ikkinchi bo‘limda sakkiz gol urilishi faqat bir marta kuzatilgan. Faqat bir yil oldin «Bavariya»ning Zagrebda mahalliy «Dinamo»ga qarshi o‘yinida gollar asosan bir darvozaga urilgandi (9:2). Bu safargi o‘yin esa — jahon futbolidagi eng yaxshi turnirning oltin kolleksiyasidan o‘rin oladi.
«Kanonirlar»ning kuchli zaxirasi
«Atletik» – «Arsenal» 0:2
Gollar: Martinelli, 72 (0:1). Trossar, 87 (0:2)
«Atletik»: Simon, Vivian, Paredes, Boyro (Berchiche, 68), Gorosabel, Vesga (Rego, 81), Xauregisar, Sanset (Guruseta, 68), Navarro (Gomes, 61, Serrano, 81), Berenger, Inyaki Uilyams
«Arsenal»: Rayya, Moskera, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 90+1), Timber, Subimendi, Merino, Rays, Eze (Martinelli, 71), Madueke (Norgar, 90+1), Yokeresh (Trossar, 65)
Ogohlantirishlar: Xauregisar, 85 – Rays, 7. Madueke, 85. Subimendi, 90
«Atletik» katta tanaffusdan keyin YeChLdagi ilk o‘yiniga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandi. Maydondagi futbolchilar ham, tribunalardagi muxlislar ham birinchi bo‘lim davomida mehmonlarni kuchli bosim ostida ushlab turishdi. «Kanonirlar»da Saka, Edegor va Havers kabi yetakchilar yo‘qligi sezildi, jamoaning yangi futbolchilari Eze va Yokereshda hali moslashish jarayoni davom etmoqda.
Basklar kamida golsiz durangni saqlab qoladigandek ko‘rinayotgandi, ammo ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida ular juda alamli gol o‘tkazib yuborishdi. Bu vaziyatda mezbonlarning deyarli barcha futbolchilari maydonning raqib darvozasi joylashgan ikkinchi qismiga o‘tishgandi, darvozabon Unai Simon kuchli zarba bilan to‘pni oldinga yo‘lladi. U yerda esa to‘p uchun kurashda inglizlar ustun kelishdi va bir necha uzatmadan keyin maydonga tushganiga hali bir daqiqa ham bo‘lmagan Gabriel Martinelli yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketib, o‘yin taqdirini hal qildi. Unga esa ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushgan boshqa bir futbolchi Leandro Trossar assistentlik qildi.
Ko‘p o‘tmay Martinellining uzatmasidan keyin Trossar ikkinchi golni urdi. Mikel Artetaning topqirligi, shuningdek, jamoaning keng zaxira o‘rindig‘i turnirni uch ochko bilan boshlash imkonini berdi.
«PSV» – «Yunion» 1:3
Gollar: Devid, 9 - penalti (0:1). Ait Al-Hoji, 39 (0:2). Makallister, 81 (0:3). van Bommel, 90 (1:3)
«PSV»: Kovarj, Obispo (Salohiddin, 46), Flamingo, Gaserovski, Dest, Shauten (Til, 46), Verman, Saybari (Vanner, 74), van Bommel, Perishich, Pepi (Boadu, 74, Man, 80)
«Yunion»: Sherpen, Makallister, Berdjyess, Leysen, Xalaili, Zorgan, Rasmussen, Ait Al-Hoji (van de Perre, 75), Nyang, Rodriges (Sxofs, 88), Devid (Jiger, 67)
Umumiy guruh bosqichidagi ilk sensatsiya Niderlandiyada qayd etildi: kamtarona «Yunion» Erediviziyaning amaldagi chempionlari darvozasini safar o‘yinida uch bor ishg‘ol etdi. O‘yinda hisob to‘qqizinchi daqiqadayoq penaltidan ochildi va bu mezbon futbolchilarni ochilishga majbur qildi – belgiyaliklar esa ularni qarshi hujumlarda jazoladi. «Yunion» ikki bo‘lim yakunida bittadan gol urib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi va zarbalar bo‘yicha ham yaqqol ustunlikka erishdi (18-10). Agar darvoza daxlsizligi saqlab qolinganida, o‘yinni ideal deb atash mumkin edi, ammo so‘nggi daqiqada taniqli futbolchining o‘g‘li Ruben van Bommel bunga rozi bo‘lmadi va stadionga yig‘ilgan muxlislarga taskin beruvchi javob golini urdi. Lekin bu gol Belgiya vakili YeChL doirasida Niderlandiyada o‘tgan o‘yinda 2000 yildan buyon ilk bor g‘alabaga erishishiga to‘sqinlik qilolmadi.
«Benfika» – «Qorabog‘» 2:3
Gollar: Barrenechea, 6 (1:0). Pavlidis, 16 (2:0). Leandru Andrade, 30 (2:1). Duran, 48 (2:2). Kashchuk, 86 (2:3)
«Benfika»: Trubin, A. Silva, Otamendi, Dal, Dedich, Barrenechea, Rios (Barreyru, 79), Sudakov, Shelderup (Ivanovich, 70), Eursnes (Prestianni, 70), Pavlidis (Enrike Arauju, 79)
«Qorabog‘»: Koxalski, Mustafozoda, Medina, Jafarguliyev (Bayramov, 77), M. Silva, Yankovich (Kashchuk, 77), Pedru Bikalyu, Borjyes, Zubir, Leandru Andrade (Adday, 66), Duran (Qurbonli, 90)
O‘yin lissabonliklar uchun oson kechishi taxmin qilingandi va amalda ham shunday boshlandi. «Benfika» 16-daqiqaga kelib ikki gol farqi bilan oldinga chiqib olgandi. Barrenechea burchak zarbasidan keyin darvozani ishg‘ol etdi, Sudakov ikkinchi golli pasi bilan Pavlidisni darvozabon qarshisiga chiqarib yubordi. Bu ushbu gretsiyalik hujumchi uchun YeChLdagi sakkizinchi gol bo‘ldi va u «Benfika»ning asosiy yevrokubokdagi to‘purarlari o‘nligiga kirib oldi.
Ammo shu bilan o‘yinning lissabonliklar uchun yoqimli onlari yakunlandi. Sakkiz yillik tanaffusdan keyin YeChLga qaytgan ozarboyjonliklar katta kuch bilan oldinga tashlandi. Gurban Gurbanov jamoasi hujumkor o‘yini bilan o‘yinda burilish yasadi. «Qorabog‘» safiga shu yozda kelib qo‘shilgan Kamilo Duran yaqqol ajralib turdi. Kolumbiyalik futbolchi avvaliga burchak zarbasidan keyin Leandro Andradeni golli pas bilan ta’minladi, ikkinchi bo‘lim boshida esa Yankovichning himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan pasini o‘tkir burchakda turganiga qaramay darvoza to‘riga aniq yo‘naltirdi.
Ikkinchi bo‘lim davomida bir necha vaziyatda Trubinning seyvlari hamda darvoza ustunlari mezbonlarni goldan qutqarib qoldi. Ammo yakunda mehmonlar baribir g‘alabani ilib ketishdi. Darvozabon tomonidan uzatilgan to‘pni egallab olgan Kashchuk Zubir bilan devor uslubida o‘ynadi hamda yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Ozarboyjon jamoasi YeChLning asosiy turnirida ilk g‘alabasini nishonladi.
«Tottenhem» – «Vilyarreal» 1:0
Gollar: Luis Junior, 4 avtogol
«Tottenhem»: Vikario, Romero, van de Ven, Spens (Udodji, 69), Porro, Bentankur, Bergvall (Danso, 90+2), Sarr (Palinya, 69), Simons (Jonson, 77), Quddus, Risharlison (Kolo Muani, 77)
«Vilyarreal»: Luis Junior, Foyt, Veyga, Kardona (Pedrasa, 75), Mourinio, Komesanya (Parexo, 78), Geyye (Partey, 78), Byukenen (Moleyro, 82), Pepe, Mikautadze, Peres (Axomax, 75)
Ogohlantirishlar: Simons, 30. Risharlison, 33. Kolo Muani, 78. van de Ven, 84 – Komesanya, 35. Mourinio, 36. Veyga, 53
«Vilyarreal» Londondagi o‘yinni tezkor gol o‘tkazib yuborish bilan boshladi. Bergvalning o‘ng qanotdan oddiy uzatmasi mehmonlar darvozaboni Luiz Junior to‘pni ushlab qololmasdan, o‘z darvozasiga kiritib yuborishi bilan yakunlandi. Braziliyalik darvozabon bu harakati bilan YeChL tarixidagi eng tezkor avtogol (4-daqiqada) muallifi bo‘lgan posbonga aylandi. «Vilyarreal»ning hujum chizig‘i vakillarida javob golini urish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi: Teyjon Byuneken hech qanday qarshilikka uchramasdan, olis burchakni nishonga olishi mumkin edi, ammo kanadiyalik futbolchiga aniqlik yetishmadi. Mehmonlar safidagi eng faol futbolchi Nikolya Pepening ham shu kuni ishlari yurishmadi, uning uchta zarbasi ham xato ketdi. Shu kuni ispan jamoasi vakillari darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birorta zarba bera olmadi. «Shporlar» ustozi Tomas Frank YeChLdagi ilk mavsumini g‘alaba bilan boshladi.


Mavzuga oid
12:09 / 04.12.2025
«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
12:19 / 03.12.2025
«Siti» 4 ta gol o‘tkazdi, «Barsa»da kambek
13:00 / 01.12.2025
«Real» peshqadamlikni boy berdi, «Arsenal» ham ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
11:54 / 30.11.2025