Madridliklarda yana bir qiyin g‘alaba

«Real» – «Marsel» 2:1
Gollar: Vea, 22 (0:1). Mbappe, 29 - penalti (1:1). Mbappe, 81 - penalti (2:1)
«Real»: Kurtua, Eder Militau, Hausen, Karreras, Aleksandr-Arnold (Karvahal, 5), Tshuameni, Arda Guler (Raul Asensio, 74), Valverde, Rodrigo (Dias, 63), Mastantuono (Vinisius Junior, 63), Mbappe
«Marsel»: Ruli, Balerdi, Medina, Emerson (Murilio, 78), Pavar (Igan-Rayli, 87), Kondogbiya (Vermeren, 66), Heyberg, O`Rayli (Payshan, 66), Vea (Guiri, 78), Grinvud, Obameyang
Ogohlantirishlar: Tshuameni, 35. Eder Militau, 54. Karreras, 90 – Pavar, 46. Medina, 75
Chetlatish: Karvahal, 72

O‘yinning boshlang‘ich qismi «Real»ning to‘liq ustunligida kechdi. Fransuzlar anchagacha himoyadan chiqishda uch-to‘rttadan ortiq aniq pas bera olishmadi va raqibning kuchli pressingi ostida to‘p yo‘qotaverishdi. Mbappe ikkita yaqqol vaziyatdan foydalana olmadi — avvaliga yaqin masofadan turib qaychi uslubida yo‘llagan zarbasi darvoza ustuni yonginasidan o‘tib ketdi, keyin esa Pavarni aldab o‘tib yo‘llagan zarbasini darvozabon Ruli qaytarib qoldi. Yana bir ajoyib vaziyat Mastantuonoda bo‘ldi, ammo darvoza ustuni mehmonlar joniga ora kirdi. Bu voqealarning barchasi dastlabki o‘n daqiqa ichida bo‘lib o‘tdi.

«Marsel» qarshi hujumlarda imkon poyladi va o‘zining chopqir hujumchilariga umid qildi. Va bu taktika o‘zini oqladi. Barchasi kutilmaganda ro‘y berdi: Guler to‘p yo‘qotdi, Grinvud uni egallab olib, oldinga yurdi hamda jarima maydoniga kirib kelgan Veani to‘p bilan ta’minladi, amerikalik hujumchi esa yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Kurtuaga imkon qoldirmadi.

Tablodagi 0:1 hisobiga qaramay, madridliklarning ustunligi ertami kechmi golga aylanishi kundek ravshan edi. Va bu ancha tez ro‘y berdi. O‘tkazilgan goldan yetti daqiqa o‘tganida Rodrigo driblingini ishga solib, raqib jarima maydonida Kondogbiani o‘ziga fol ishlatishga majbur qildi, Mbappe 11 metrdan qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.

Birinchi bo‘limda jamoalar birgalikda 26 zarba yo‘llashdi, shundan 18 tasi — «Real» hisobida (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan 11 zarba). Tshuameni, Mbappe va Guler navbati bilan olis masofadan xavfli zarbalar yo‘llashdi, lekin jamoalar tanaffusga 1:1 hisobida yo‘l olishdi. Bu birinchi navbatda Rulining xizmati bo‘ldi. Opta ma’lumotiga ko‘ra, argentinalik posbon birinchi bo‘lim davomida o‘nta (!) seyv amalga oshirib, turnirning bir bo‘lim davomidagi seyvlari bo‘yicha rekord o‘rnatgan.