Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chililik ayol o‘g‘irlangan qizlarini 45 yildan keyin topdi
1979 yilda hukumat klinikasi Mariya Sotoni bolalarga lozim darajada qaramaganlikda ayblab, egizak qizlaridan ajratgan va italiyalik oilaga sotgan. Ona o‘z qizlarini izlashdan to‘xtamagan va bir kun kelib ularni yana bag‘riga bosishga umidvor bo‘lgan. Ammo ayol buning uchun 45 yil vaqt ketishini tasavvur ham qilmagan edi.
Foto: CNN
Chilida 1979 yilda egizak qizlari o‘g‘irlab ketilgan ayol 45 yildan so‘ng birinchi marta ular bilan uchrashdi. CNN telekanali ularning ta’sirli tarixini so‘zlab berdi.
64 yoshli Mariya Veronika Soto va uning qizlari Mariya Beatris va Adeliya Rouzning ehtiroslarga boy uchrashuvi egizaklar Italiyadan qaytib kelganidan keyin Chilidagi Konsepsion shahri aeroportida bo‘lib o‘tdi.
Soto qizlarini oxirgi marta sakkiz oylik paytida ko‘rgan. Egizaklar o‘zlarini Chilida asrab olinganini doimo bilgan, ammo onasi kimligidan bexabar bo‘lgan.
19 yoshli Sotoning farzandlari 1979 yilda, Chili general Augusto Pinochet diktaturasi ostida bo‘lganida tug‘ilgan. Ayol so‘zlariga ko‘ra, shifokorga rejali tashrifdan so‘ng, unga 8 oylik qizlari tekshiruvdan o‘tish uchun qolishi kerakligi aytilgan. Ularga tibbiy yordam va ovqatlanish bo‘yicha yordam va’da qilingan. Ammo ko‘p o‘tmay, uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat klinikasi onasini go‘yoki ularni noto‘g‘ri ovqatlantirganlikda ayblab, bolalarni olib qo‘ygan.
Politsiya ayolga sudga borishni maslahat bergan. U yerda bolalarni italiyalik er-xotin asrab olgani ma’lum bo‘lgan. Keyinchalik Soto qizlarining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari o‘zgartirilganini va ularda haqiqiy ota-onalaridan hech birining ismi yozilmaganini bilgan.
2020 yilda Soto butun dunyo bo‘ylab noqonuniy asrab olingan bolalarni qidirayotgan «Nos Buscamos» («Bir-birimizni izlayapmiz») nodavlat tashkiloti bilan bog‘langanida, ona va bolalarni birlashtirishning uzoq va mashaqqatli yo‘li boshlandi. Uning asoschisi, bolaligida noqonuniy asrab olingan Konstansa del Rio ayolga DNK testini topshirishni tavsiya qilgan, Soto darhol shunday qildi.
Tashkilot ayolning qizlarini 5 yilda topishga muvaffaq bo‘ldi. Sotoning aytishicha, u bir kun kelib qizlari bilan uchrashish umidini hech qachon yo‘qotmagan, ammo buning uchun 45 yil kutishga majbur bo‘lishini bilmasdi.
10 sentabr kuni egizaklar Italiyadan Chiliga uchib, Konsepsionga qo‘ndi. Soto va qizlarining samimiy uchrashuviga ko‘plab odamlar, jurnalistlar va amaldorlar ham guvoh bo‘ldi.
«Onajoningiz sizlarni har doim izlagan», dedi Soto qizlarini bag‘riga bosib.
Chili rasmiylariga ko‘ra, Pinochet diktaturasi davrida 1973 yildan 1990 yilgacha minglab chaqaloqlar biologik onalaridan o‘g‘irlab ketilgan va asosan AQSh va Yevropadan kelgan juftliklarga asrab olish uchun sotilgan. Chilida ularni «Sukunat bolalari» deb atashadi.
Ba’zi chaqaloqlar zaif, qashshoq va himoyasiz ayollardan tortib olingan. Soto va qizlari bilan sodir bo‘lganidek, farzandlikka olish agentliklariga noqonuniy ravishda sotilgan.
Hozirgi vaqtda Chili hukumati bunday holatlarni aniqlash va aybdorlarni jazoga tortishga harakat qilmoqda. Ammo, ko‘plab hollarda da’vo muddati allaqachon o‘tib ketgan. Boshqa holatlarda chaqaloqlarni o‘g‘irlash ortida turganlar allaqachon vafot etgan.
Mavzuga oid
21:18 / 04.11.2025
Dubay amirining qarindoshi 50 mln yevro evaziga tutqunlikdan ozod qilindi
16:00 / 29.09.2025
Pokistonda odam savdosi qurboniga aylangan fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi
22:54 / 20.09.2025
Kiyevda qullikda ushlab turilgan o‘zbekistonliklar ishi bo‘yicha Ukraina TIV va bosh prokuroriga notalar yuborildi
20:22 / 19.09.2025