Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hududlarda va ijtimoiy sohada elektron xizmatlar ko‘rsatish sifati oshiriladi
Prezident qarori bilan respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
2025-2026 yillarda "Raqamli hukumat" tizimining ustuvor yo‘nalishlari:
- 41 ta loyihani ishga tushirish, elektron davlat xizmatlari ulushini 70 foizga yetkazish hamda mahallalarda 30 turdan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish;
- hududlarda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan 66 ming km optik-tolali aloqa liniyasini o‘tkazish, 2 284 ta tayanch stansiyani ishga tushirish, 100 dan ortiq axborot tizimini joriy etish;
- aholi va tadbirkorlar uchun 100 dan ortiq turdagi elektron xizmatlarni joriy etish, 10 turdagi davlat xizmatini proaktiv va kompozit shaklga o‘tkazish, 19 ta hayotiy vaziyatda fuqarolarga avtomatik tarzda xabar yuborish.
2025 yil 1 noyabrdan mobil aloqa operatorlari, tijorat banklari, to‘lov tashkilotlari tomonidan kiberxavfsizlik talablarini saqlagan holda mobil ilovalar orqali YaIDXPda pulli elektron davlat xizmatlari ko‘rsatiladi.
2025 yil 1 dekabrdan NNTlarga "Raqamli hukumat" tizimi orqali idoralararo elektron hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarning ijtimoiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha murojaatlari, oilalar va aholi bo‘yicha ma’lumotlarni yuritish "Raqamli mahalla" platformasi orqali amalga oshiriladi. Buning uchun 2025 yil 15 oktyabrgacha mahallalarning markazlashtirilgan registrini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari 2026 yil 31 dekabrgacha ko‘chmas mulk obektlari to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar UZKAD ATga uzatiladi, Jahon geodezik koordinatalar tizimiga (WGS-84) bog‘langan manzillarning yagona davlat registri shakllantiriladi.
2026 yil 1 maydan boshlab nogironlikni belgilash (bolalikdan, I va II guruh) va fuqarolarni imtiyozli davolanishga elektron navbatga qo‘yish kompozit shaklda amalga oshiriladi.
2026 yil oxirigacha "Raqamli sog‘liqni saqlash" platformasi bilan integratsiyalashgan "ovozli yordamchi" dasturlari ishga tushiriladi, u tibbiy ko‘rik jarayonida shifokor nutqini avtomatik bayonnoma tuzishni amalga oshiradi, shuningdek sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan "shifokorning raqamli yordamchisi" dasturi ishga tushiriladi.
Suv xo‘jaligi sohasida 2025 yil 1 noyabrdan boshlab suvni taqsimlash bilan bog‘liq barcha ma’muriy tartib-taomillar faqat "Suv hisobi" tizimi orqali elektron shaklda amalga oshiriladi.
2026 yil 1 yanvardan boshlab chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning istiqomat joyi bo‘yicha vaqtincha ro‘yxatga olish bir yilgacha muddatga Yagona portal orqali amalga oshiriladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi 2026 yil 1 dekabrgacha quyidagi imkoniyatlarga ega OASIS yagona raqamli platformasini (O‘zbekiston axborot tizimlarining integratsion xizmati) ishlab chiqadi:
- davlat axborot tizimlarini (AT) yaratish va rivojlantirishda yagona texnologik yondashuvni ta’minlash;
- modulli texnologiyalar orqali AT yaratish jarayonlarini optimallashtirish;
- ATning moslashuvchanligi, xavfsizligi va samaradorligini oshirish.
Hujjat bilan quyidagilar ro‘yxati tasdiqlandi:
- 2025-2026 yillarda hududlar, soha va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalar;
- davlat organlari AT bilan integratsiyalashuv orqali YaIDXPda joriy etiladigan xizmatlar;
- YaIDXP orqali hayotiy vaziyatlar yuzaga kelganda avtomatik rejimda foydalanuvchilarga yo‘naltiriladigan elektron bildirishnomalar;
- YaIDXPda joriy etiladigan va kompozit shaklda ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining yangi turlari.
Mavzuga oid
10:56 / 29.10.2025
O‘zbekistonda e-xizmat ko‘rsatuvchi 73 kompaniya soliq tushumlarini 44 foizga oshirdi
11:41 / 17.09.2025
“Raqamli hukumat” tizimining yagona platformasi ishlab chiqiladi
17:00 / 07.09.2024
O‘zbekistonda raqamli hukumat: byurokratik to‘siqlar keskin qisqaradi
12:19 / 12.02.2024