O‘zbekiston | 08:24 / 23.09.2025
1339
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kimyoviy moddalarni inventarizatsiya qilish rejalashtirilgan

Xitoyning Psearcher jurnalida "O‘zbekiston va UNEP samarali ekologik loyihalarni ilgari surmoqda" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Foto: Shutterstock

Maqolada O‘zbekiston atrof-muhit muammolarini hal etishga alohida e’tibor qaratuvchi, sohaga oid samarali takliflari bilan tashabbuskor davlat sifatida xalqaro hamjamiyatda muhim o‘rin tutayotgani va bir qancha yetakchi global tashkilotlarga a’zo bo‘lgani haqida so‘z yuritiladi.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston 1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit bo‘yicha dasturiga (UNEP) a’zo bo‘ldi va bugungi kunda UNEP tomonidan boshqariladigan to‘qqizta ekologik konvensiya va tashkilotlarning ishtirokchisi hisoblanadi.

"Hozir kunda O‘zbekiston UNEP bilan hamkorlikda bir nechta loyihalarni amalga oshirmoqda. Ular orasida xalqaro kimyoviy konvensiyalarni (Bazel, Stokholm va Rotterdam konvensiyalari) amalga oshirish hamda O‘zbekistonning Rotterdam va Minamata konvensiyalariga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlash uchun institutsional salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan loyiha bor. Bu tashabbus kimyoviy moddalarni inventarizatsiya qilish va raqamlashtirishni, shuningdek, O‘zbekiston Ekologiya vazirligi huzurida axborot va resurs markazini tashkil etishni nazarda tutadi. Loyihaning umumiy budjeti 250 ming AQSh dollariga teng", – deb yozgan muallif.

Bundan tashqari, materialda binolar va shaharlarda energiya samaradorligini oshirish uchun investitsiyalarni kengaytirishga qaratilgan 25 million AQSh dollari miqdoridagi qo‘shma loyiha bo‘yicha keng qamrovli hujjatlar paketi tayyorlanayotgani ma’lum qilingan.

"Shu bilan birga, "Zamin" xalqaro jamoat fondi tomonidan UNEP va Ekologiya vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi bilan hamkorlikda qo‘llab-quvvatlanayotgan yana bir loyiha – havo ifloslanishini avtomatik monitoring qilishga qaratilgan. Ushbu loyiha doirasida butun mamlakat bo‘ylab 63 ta monitoring stansiyasini o‘rnatish hamda markazlashtirilgan tahlil markazini tashkil etish rejalashtirilgan", – deya qayd etilgan maqolada. 

Mavzuga oid