O‘zbekiston | 15:05 / 23.09.2025
1951
3 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat chiqindilari qisqartiriladi va utilizatsiya qilinadi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish chora-tadbirlari belgilandi.

Foto: Kun.uz

Umumiy ovqatlanish sohasida oziq-ovqat chiqindilari hosil bo‘lishini qisqartirish va me’yordan ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olishga qaratilgan "Oqilona iste’mol" (Save food) dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

"Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida"gi qonunning 31-moddasiga muvofiq belgilangan me’yordan ortiq ifloslangan ishlab chiqarish oqova suvlarini oqizadigan yuridik shaxslar va tadbirkorlar mahalliy tozalash inshootlarida oqova suvlarni birlamchi tozalash ishlarini olib borishi kerak.

Tovar ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida belgilangan me’yordan ortiq ifloslangan oqova suvlar hosil qiluvchi yangi iste’molchilarni oqova suvlar tarmog‘iga faqat lokal tozalash inshootlari mavjud bo‘lganda ulanadi.

2026 yil 1 iyuldan boshlab oqova suvlardagi moy-yog‘ mahsulotlarini ajratishni ta’minlaydigan moy-yog‘ tutgichlarga ega umumiy ovqatlanish korxonalariga markazlashgan kanalizatsiya tizimlariga ulanishga ruxsat beriladi. Ular oyiga kamida bir marta moy-yog‘ tutgichlarni ishlatilgan moylardan tozalashi, shuningdek ishlatilgan moy va yog‘larni qayta ishlash va utilizatsiya qilishni amalga oshirishi shart.

Gaz bo‘lmaganda va yog‘och yoki ko‘mir ishlatilganda atmosferani ifloslovchi moddalar va hidlarni tutuvchi qurilmalarni o‘rnatish zarur.

O‘zbekistonda 2026–2030 yillar "Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri" deb e’lon qilindi. Bunda quyidagilar rejalashtirilgan:

  • to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni belgilangan tartibda o‘tkazish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;
  • aholini yetarli miqdordagi sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va ularning ortiqcha chiqindilarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;
  • o‘rtacha kunlik ratsional ovqatlanish me’yorlari asosida aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish;
  • oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish chiqindilarini qayta ishlash korxonalariga topshirishni ta’minlash.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid