Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistondan olib kelingan 66 kg narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
DXX 4 ta holatda Tojikistondan O‘zbekiston hududida olib kirilgan jami 66 kg narkotik moddalarni fosh qildi. Ularning birida fuqaro Rovot chegara bojxona pocti orqali Cobalt mashinasining gazballoni ichida 50 kg 852 gr opiy va 6 kg 927 gr gashish moddalarini olib o‘tishga uringan.
Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan O‘zbekistonga olib kirilgan katta miqdordagi narkotik moddalar to‘xtatib qolindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida yashovchi 33 yoshli fuqaro boshqaruvidagi Cobalt Tojikistondan Beshariq tumanidagi Rovot chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtida to‘xtatilgan. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasiga o‘rnatilgan gazballoni ichidan 53 dona o‘ramda giyohvandlik vositalari topilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu o‘ramlarda 50 kg 852 gr opiy va 6 kg 927 gr gashish moddalari borligi aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida avtotransport egasi ushbu ajal og‘usini Dushanbe shahridan olib kelayotganligi ma’lum bo‘lgan.
Samarqand viloyatida qayd etilgan holatda Urgut tumanida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro Gentra mashinasida “Samarqand-Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan vaqtida Narpay tumani hududida DXX, Bojxona qo‘mitasi hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Mashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida Tojikistondan olib kelingan 981 gr geroin moddasi borligi aniqlangan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa “Andijon – Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan VAZ 2106 mashinasi Norin tumani hududida to‘xtatilib tekshirilgan. Natijada, Andijon shahrida yashovchi, 1979 va 1986 yillarda tug‘ilgan aka-uka ketayotgan mashina salonidan 1 kg 833 gr gashish moddasi topilgan. Tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan birining yashash manzilidan ham 1 kg 469 gr gashish moddasi olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu narkotik moddalar kelgusida sotib, mo‘may daromad topish maqsadida Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelinganligi ma’lum bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, aka-ukalarning kattasi muqaddam aynan narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs bo‘lgan.
Yana bir holatda esa Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida yashovchi 40 yoshli fuqaro 3 kg 949 gr gashish moddasini Andijon shahrida shartli xaridorga 28 ming dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, qirg‘izistonlik fuqaro ushbu ajal og‘usini muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan qoldirib ketilgan Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidagi xufiya joydan olgan.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mavzuga oid
20:27 / 02.12.2025
Tojikiston afg‘on chegarasini qo‘riqlash uchun Rossiyadan harbiy yordam so‘radi
19:03 / 02.12.2025
Tojik-afg‘on chegarasida yana ikki xitoylik halok bo‘ldi, Xitoy xavfsizlikni ta’minlashni talab qildi
22:44 / 28.11.2025
Tojik-afg‘on chegarasidagi qurolli hujumda uch nafar xitoylik halok bo‘ldi
08:49 / 27.11.2025