O‘zbekiston | 14:15 / 24.09.2025
8700
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda nima qurish mumkin?

Vazirlar Mahkamasining "Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Foto: Shutterstock

Yer kodeksiga muvofiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar foydalanish turiga ko‘ra – qishloq xo‘jaligi yerlariga va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga hamda suv bilan ta’minlanish darajasiga ko‘ra – sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan yerlarga bo‘linadi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda ichki xo‘jalik yer tuzish loyihasiga muvofiq yer uchastkasidan foydalanishning asosiy turiga mos keluvchi obektlarni joylashtirish (qurish)ga ruxsat etiladi. Bu yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar deb tan olinadi. 

Sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarida yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos keluvchi obektlarni joylashtirish (qurish)dan oldin ariza beruvchida ijara huquqining mavjudligi, yer uchastkasining umumiy maydoni, shu jumladan qishloq xo‘jaligi yerlari va ular tarkibidagi sug‘oriladigan yerlar maydoni tegishli axborot tizimlari orqali tekshiriladi.

Shuningdek, yer uchastkasi doirasida sug‘orilmaydigan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos keluvchi obektlarni joylashtirish (qurish) nazarda tutilgan.

Yengil qurilmalar va vaqtincha inshootlarni joylashtirish (qurish)ni nazarda tutuvchi ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari tuman (shahar)lar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi, kapital bino va inshootlar hisoblangan qurilish obektlarini joylashtirish (qurish)ni nazarda tutuvchi ichki xo‘jalik yer tuzish loyihalari Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.

Obektlar joylashtirilgan (qurilgan) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlar alohida yer uchastkalariga bo‘linmaydi, joylashtirilgan (qurilgan) obektlarni alohida sotishga ruxsat etilmaydi (yer uchastkasining foydalanish maqsadini o‘zgartirmagan holda unga bo‘lgan huquq va majburiyatlarni obekt bilan birga boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijara berish) holatlari bundan mustasno).

Chorvachilik yo‘nalishida ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘orilmaydigan yerlarda 1 gektardan ko‘p bo‘lmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining 1%idan oshmagan maydonda qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obektlarni joylashtirishga ruxsat etiladi.

Chorvachilik bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlar uchun ijaraga olingan yerlarda yer uchastkasidan ruxsat etilgan foydalanishning asosiy turiga mos keluvchi obektlarni (yengil issiqxonalar va sovitish omborlari, saralash-qadoqlash komplekslari, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasi obektlari va hovuzlar va b.) joylashtirish (qurish) uchun ruxsat etilgan maydon 20 gektardan oshmasligi, lekin ijara konturi maydonining 1 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Mavzuga oid