Jahon | 12:26 / 26.09.2025
1860
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xarajatlar RF budjetida yana uch yil ustuvor bo‘lib qoladi

Mudofaa va xavfsizlik 2026 yilda Rossiya budjetining uchdan biridan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.Bu xarajatlarni qoplash uchun rasmiylar QQSni oshiradi va yangi soliqlarni joriy qiladi.

Foto: SNA/IMAGO

24 sentabr, chorshanba kuni Rossiya hukumati 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan budjet loyihasini tasdiqladi. Asosiy e’tibor yana harbiy xarajatlarga qaratiladi: kelgusi yilda barcha mablag‘larning 38 foizi armiya, politsiya va maxsus xizmatlarga yo‘naltiriladi.

Loyihaga ko‘ra, mudofaa xarajatlari 12,6 trillion rublni tashkil etadi, qo‘shimcha 4,1 trillion rubl esa milliy xavfsizlik uchun ajratiladi. Bu yalpi ichki mahsulotning 7,1 foiziga teng. 2025 yilda rasmiylar urush va xavfsizlik uchun taxminan 17 trillion rubl yoki yalpi ichki mahsulotning 8 foizini sarflashni rejalashtirgan edi, ammo amaldagi xarajatlar yuqoriroq bo‘lib chiqdi.

Reuters agentligining ta’kidlashicha, 2026 yilga mo‘ljallangan «Milliy mudofaa» bandi 2025 yilga nisbatan qariyb trillion rublga kam. Ayni paytda politsiya, Milliy gvardiya va maxsus xizmatlarni moliyalashtiradigan «Milliy xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish» bandi doirasidagi xarajatlar 2026 yilga nisbatan yarim trillion rublga ko‘p bo‘ladi.

Yangi xarajatlar bandlarini moliyalashtirish uchun Moliya vazirligi qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) 20 foizdan 22 foizga oshirishni taklif qildi. Vazirlik hisob-kitoblariga ko‘ra, bu choraning o‘zi uch yil davomida budjetga 4,4 trln rubl olib keladi.

«Rejalashtirilgan resurslar qurolli kuchlarni texnika va qurollar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarga maosh berish, ularning oilalarini boqish, mudofaa sanoatini modernizatsiya qilish imkonini yaratadi», — dedi moliya vaziri Anton Siluanov.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid