Jahon | 07:36 / 26.09.2025
7276
2 daqiqa o‘qiladi

Mask: Insoniyat 2055 yilgacha Marsda joylashishi mumkin

SpaceX asoschisi va bosh direktorining fikricha, agar og‘ir raketa tashuvchilar bo‘yicha bir qancha muhim yutuqlarga erishilsa, insoniyat 2055 yilga borib Marsda barqaror, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan koloniya barpo etishi mumkin.

Foto: SpaceX

«O‘ylaymanki, buni 30 yil ichida amalga oshirish mumkin, agar har ikki yilda bir ochiladigan Marsga parvozlar bilan biz u yerga yetkazib berishimiz mumkin bo‘lgan tonnajni eksponensial ravishda oshirsak», — dedi Mask.

Tonnajni ko‘paytirish juda muhim, dedi milliarder, chunki Marsdagi aholi punkti turli xil narsalarni talab qiladi — turar joy modullaridan tortib robot yordamchilargacha. Haqiqatan ham o‘zini o‘zi ta’minlash uchun «sivilizatsiyaning barcha tarkibiy qismlari» bo‘lishi kerak, deya qo‘shimcha qildi Mask: oziq-ovqat yetishtirish, Mars atmosferasidan yonilg‘i olish, mikrochiplar, kompyuterlar va raketalarni ishlab chiqarish uchun materiallar.

Kelajakda to‘liq qayta foydalanish mumkin bo‘lgan Starship V3 transport tizimi ushbu vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan. U 100 tonnadan ortiq foydali yukni orbitaga olib chiqa oladi. Bu Falcon Heavy'ning qayta foydalanish mumkin bo‘lgan yuk tashish hajmidan taxminan 2,5 baravar ko‘pdir. Ayni paytda, Falcon Heavy'dan, xuddi Falcon 9 kabi, faqat qisman qayta foydalanish mumkin: uning yuqori bosqichi bir martalik. Super Heavy va Ship (Starship'ning yuqori bosqichi) qayta foydalanish uchun mo‘ljallangan.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, Starship V3 taxminan 124,4 metr balandlikda bo‘ladi, Starship V2 esa - 121 metr. Ushbu uchinchi versiya Marsga ucha oladigan transport tizimining birinchi modifikatsiyasiga aylanadi. SpaceX kelgusi yilning boshida undan Qizil sayyoraga birinchi uchuvchisiz missiyalarni yuborish uchun foydalanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid