Iqtisodiyot | 00:30 / 28.09.2025
13325
3 daqiqa o‘qiladi

“2026 yil martda O‘zbekistonning a’zoligini nishonlaymiz” - JST bosh kotibi

Nyu Yorkda media bilan gaplashgan JST bosh kotibiga ko‘ra, O‘zbekiston a’zolikka erishishi uchun kam qoldi. Ishlar jiddiy olg‘a siljimoqda, shunday davom etilsa, 2026 yilning martida chinakam a’zo bo‘lish mumkin. Lekin tugamagan muzokaralar hali bor. 

Prezident Mirziyoyev AQShda JST bosh kotibi Ngozi-Okonjo Iveala bilan ham uchrashdi. Muloqot mavzusi aniq - JSTga a’zolik masalasi va bu borada ishlarning borishi. Bosh kotibning ko‘ngli to‘q, O‘zbekiston shu yo‘sinda kelasi yili a’zo bo‘lishidan umidvor. 

O‘zbekiston sizning qo‘llab-quvvatlashingizni doim his qilib turadi va ishlar yaxshi ketyapti. Tez orada JST oilasiga qo‘shilamiz. Prezident bilan nimani gaplashdingiz? 

“Xo‘sh, Prezident bilan uchrashuv a’lo darajada o‘tdi. Biz O‘zbekistonning a’zo bo‘lish yo‘lida muzokarachilar guruhi bilan birgalikda erishayotgan yutuqlari hamda bu jarayon uchun Prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan ishlar haqida suhbatlashdik.

Ishlar juda tez sur’atda olg‘a siljiyapti. Buning ta’sirini iqtisodiyotda ham ko‘rish mumkin, chunki u yiliga deyarli 6 foiz yoki undan ham yuqori sur’atda o‘smoqda. Bu jahon iqtisodiyoti sur’atlaridan ikki baravar yuqori. Jahon iqtisodiyoti 3 foizga o‘sayotgan bir paytda, O‘zbekiston iqtisodiyoti 6 foizga o‘smoqda. Bu, albatta, juda yaxshi ko‘rinadi. 

Shu bois, ishlarni jadal davom ettiryapmiz. Jarayon deyarli yakunlandi. Noyabr oyida ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazamiz va umid qilamanki, mart oyidagi muddatga yaqinlashganimiz sari barcha ishlarni yakunlab, O‘zbekistonning JSTga a’zoligini nishonlay olamiz”.

Demak, 2026 yilga borib tayyor bo‘lamiz demoqchisiz, shundaymi?

“Biz bu yo‘lda qattiq ishlayapmiz va buning uddasidan chiqishimizga ishonaman”.

Bizning jamoamiz qanday ishlayapti?

“Ajoyib. Jiddiy aytyapman. Ular juda qattiq mehnat qilmoqda. Jamoani qo‘llab-quvvatlashda Prezidentning yetakchiligi va muhtarama Saida Mirziyoyeva xonimning yordamidan minnatdormiz. Menimcha, ular a’lo darajada ishlamoqda”.

Lekin bilamizki, muzokaralar oson kechmaydi. Qiyin bo‘lyapti, shundaymi?

“Umuman oson emas. Lekin deyarli barcha ikki tomonlama muzokaralar yakunlangan. Albatta, Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan muzokaralar hali ochiq va bu yo‘nalishda jiddiy ishlash talab etiladi. O‘ylaymanki, bu qolgan eng jiddiy masalalardan biri, ammo biz harakatni davom ettiramiz. Keling, yaxshi niyatda bo‘laylik”, deydi bosh kotib Iveala.

Mavzuga oid