Jamiyat | 10:33 / 28.09.2025
20634
4 daqiqa o‘qiladi

“Bizga ajratilgan yerni aldab olib qo‘yishdi” – Toshkentning qoq markazidagi bedodlik

Navoiy ko‘chasidagi uylar ortida joylashgan, shu uylarda yashovchilar uchun avtoturargoh qilib belgilangan yer maydoni Toshkent city qurilishi boshlangan paytda “qaytarib berish” va’dasi bilan to‘sib olingan va shu holicha qaytib ochilmagan. Aholi o‘zini aldangan deb his qilmoqda: mashina qo‘yishga joy yo‘q, axlat idishlari yo‘l ustida, chang-to‘zon...

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahri markazidagi Alisher Navoiy ko‘chasida, sobiq maishiy texnika do‘konlari o‘rnida bir necha yillar avval 8 ta ko‘p qavatli uy qurilgan. Ularda yashovchilarning bir paytlar mashina qo‘yishga avtoturargohi bor edi... Keyin nima bo‘lganini ularning o‘zi quyidagicha hikoya qiladi.

— 2011 yilda Navoiy ko‘chasida mana bu ko‘rib turganingiz oq uylar qurilgan – sakkizta, 27-uydan boshlab 41-uygacha. Bu uylarga yashil zona va mana bu tunuka devorning orqasidagi avtoturargoh qurilgan, bizning uylarimizga biriktirilgan. 2-3 yil undan foydalanganmiz. 2017 yildan boshlab Toshkent city qurilishi boshlandi. Parkovkani to‘sib olgandan keyin qurilish boshlagan. 7-8 yil davomida uylar qurildi.

To‘xtovsiz bezovta bo‘ldik: chang-to‘zon, shovqin-suron… Shahrimizning markazi obod bo‘lishi uchun chidadik. Toshkent city'ning qurilishi bitdi. “Vaqtincha to‘sib olganmiz, keyin ochib beramiz”, deyishgan edi. Hatto qurilish tugaganidan keyin uylaringizning devorlarigacha yuvib beramiz, degan va’dalar ham bo‘lgan. Endi bu va’dalar bajarilmagani yetmaganidek, avtoturargohimizni boshqa bir firmaga, korxonaga biriktirishibdi. Qanaqadir qurilishlar qilinyapti.

Bizga bironta ma’lumot ham berilgani yo‘q. Vaholanki, qo‘limizda o‘sha paytdagi bosh vazir, hozirgi kunda muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoyishlari bor. 2011 yil 17 may kungi 288-F sonli farmoyishning 7-bandida aytilgan: Navoiy ko‘chasidagi mazkur 8 ta ko‘p qavatli uyning qurilishi jarayonida avtomobillarni saqlash uchun turargoh ajratilsin, yashil zona ajratilsin... Bu farmondan keyin Toshkent shahar hokimining qarori chiqqan va u qarorda har bir uyga yer maydonlari biriktirilgan.

— City qurilgunicha vaqtincha surib turamiz deb va’da qilishdi, hokim ham bor edi. Buni tortib olish ham deya olmaymiz, aldab olib qo‘yish bu. Shahar bedarvoza – kim nima xohlasa, shuni qiladi. Bu tajovuzkorlik deyiladi.

— Shuncha mashinalar qayerda turishi kerak? Osmonda turmaydi-ku! Uylarimiz changi qarab bo‘lmaydigan darajada. Yetti yildan beri toqatimiz toq bo‘ldi-ku! Qayerga, nima qurishmoqchi bu yerga? Bizga stoyanka kerak-ku, “musorka” kerak, bolalar o‘ynashiga joy kerak. Mana, o‘tgan kuni tez yordam keldi, kira olmay turdi bizning pod’yezdga.

— Domimizning 1-2-qavatlari noturar joylar. Banklar, ofislar bor, ularga kelayotgan mijozlar nari tursin, xodimlarining o‘zining mashinasi sig‘maydi. Oldimizdagi yo‘lning u tarafiga ham, bu tarafiga ham mashina qo‘yishadi. “To‘xtash taqiqlangan” belgisini qo‘yishdi, mashina qo‘yish mumkin emas, lekin baribir qo‘yiladi. O‘zimiz qayerga qo‘yishni bilmaymiz mashinamizni.

Kun.uz Shayxontohur tumani hokimligidan olgan ma’lumotga ko‘ra, bu yer maydoni auksionga chiqarilgan.

Shokir Sharipov tayyorladi.

Mavzuga oid