Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Energetika vazirligi xodimlarga «yashil» so‘zini ishlatishni taqiqladi
Bu prezident Donald Trampning iqlim bo‘yicha siyosati bilan bog‘liq. Oq uy rahbari iqlim o‘zgarishi haqidagi ogohlantirishlarni «dunyoda sodir etilgan eng katta firibgarlik» deb hisoblaydi.
AQSh Energetika vazirligi «iqlim o‘zgarishi», «tashlanma», «yashil» va «dekarbonizatsiya» so‘zlari va iboralarini «ishlatishdan saqlanish kerak bo‘lgan so‘zlar ro‘yxatiga» kiritdi, deb yozdi Politico.
Qayd qilinishicha, ro‘yxatda «energetik o‘tish», «barqaror rivojlanish / barqaror», «toza energiya / iflos energiya», «uglerod /CO2 izi» kabi so‘zlar va iboralar ham bor.
Iqlim o‘zgarishiga olib keladigan chiqindilarni kamaytirish texnologiyalariga davlat tomonidan sarmoya kiritish bilan shug‘ullanadigan Energiya samaradorligi va qayta tiklanadigan energiya boshqarmasida ushbu iboralardan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan.
AQSh prezidenti Donald Trampning iqlim bo‘yicha siyosati avvalgi prezident Jo Bayden ma’muriyati olib borgan siyosatdan keskin farq qiladi.
Bayden davrida yashil energetika qo‘llab-quvvatlandi, uning o‘zi bir necha bor global isishdan xavotir bildirdi - masalan, uni insoniyatning mavjudligi uchun yadro urushidan ham jiddiyroq tahdid deb atadi.
Tramp iqlim bilan bog‘liq muammolarga ishonmasligini ta’kidlamoqda. U 23 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasida so‘zlagan nutqida iqlim o‘zgarishi haqidagi ogohlantirishlar «dunyoda sodir etilgan eng katta firibgarlik» ekanini aytdi. Shuningdek, u turli mamlakatlardagi toza energiya loyihalarini tanqid qilib, ularni «yangi yashil firibgarlikning» bir qismi, uglerod izini esa «safsata» deb atadi.
AQSh Energetika vazirligi Trampning siyosatini qo‘llab-quvvatlamoqda. Politico nashrining ta’kidlashicha, o‘tgan hafta vazirlik qayta tiklanadigan energetika sohasidagi 13 milliard dollarlik loyihalarni moliyalashtirishni bekor qilgan. Shuningdek, shamol va quyosh energiyasi uchun imtiyozlarni tanqid qilgan – ular ham bekor qilinishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
09:59
«Apache» vertolyotini Eron droni urib tushirgani ma’lum bo‘ldi. AQSh va Eron yana zarbalar almashdi
09:30
«Artemida-3» uchun astronavtlar tanlandi
09:15
AQSh Kongressi migratsiya xizmati uchun 70 milliard dollar ajratdi
21:33 / 09.06.2026