Sog‘lom hayot | 00:07 / 29.09.2025
3011
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyo bo‘yicha 1,4 milliard kishi gipertoniyadan aziyat chekmoqda – JSST 

Foto: iStock

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan gipertoniya kasalligi bo‘yicha yangi hisobot e’lon qilindi. Tahlillar 195 mamlakatdan olingan ma’lumotlarga asoslangan.

Qayd etilishicha, 2024 yilda dunyo bo‘yicha yuqori qon bosimidan aziyat chekayotganlar soni 1,4 milliard nafarga yetgan. Biroq ularning atigi beshdan bir qismi qon bosimini dorilar yoki sog‘lom turmush tarzi orqali nazorat qilishga erishyapti, xolos.

Hisobotga ko‘ra, 195 davlatdan 99 tasida gipertoniyani nazorat qilayotgan bemorlar ulushi 20 foizga ham yetmaydi. Iqtisodiy nochor mamlakatlarning bor-yo‘g‘i 28 foizi JSST tavsiya etgan dori-darmonlar bilan to‘liq ta’minlangan.

2011-2025 yillar davomida yurak qon-tomir xastaliklari tufayli past va o‘rta daromadli davlatlar 3,7 trln. dollar miqdorida iqtisodiy zarar ko‘rgan.

JSST barcha mamlakatlarni qon bosimini nazorat qilishni kafolatlangan tibbiy xizmatlar qatoriga kiritishga chaqirdi.

Gipertoniya — qon tomirlarining nerv-funksional faoliyati buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. U asosan 40 yoshdan kattalarda uchraydi, lekin so‘nggi yillarda yoshlarda ham tez-tez kuzatilmoqda. U sayyoramizdagi o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biridir. 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid