Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Sotib olgan g‘unajinim bozorning o‘zida ikkita tug‘di” – molbozordan reportaj
Molbozorda hayot tong saharlab boshlanadi. Bir tomonda molini qimmatga sotishga uringan dehqon, ikkinchi tomonda arzonroq olishni istagan xaridor. Ular orasida esa bozorning “qahramonlari” – dallol va olibsotar turadi. Molbozorda savdo tortishuvsiz bo‘lmaydi. Kun.uz muxbiri vodiydagi molbozorlardan birida bo‘lib odamlarga mikrofon tutdi.
Farg‘ona tumanining Avval qishlog‘i. Qishloqda haftaning shanba kuni bozor bo‘ladi. Bozor to‘la qo‘y va qoramol. Kimdir mol olgani kelgan, kimdir sotgani, yana boshqalar esa shunchaki tomoshaga. Dallol-u, olibsotarlarning qo‘li qo‘liga tegmaydi...

Yosh olibsotarlardan biri Samandar Nurmatov bozorda boshidan o‘tgan qiziq voqealarni so‘zlab berdi:
“Bugun Avvalda, ertaga Marg‘ilonda, boshqa kuni Rishtonda bo‘ladi molbozor. Asosan g‘unajinlar sotib olaman. 300-400 ming foydasiga sotib ro‘zg‘or tebrataman. Bozorda hayot jo‘shqin. Bu yerda har qanday toifadagi odamlarni uchratasiz. Qiziq voqealar ham bo‘lib turadi.
Yaqinda g‘unajin sotib oldim shu bozorda. Holiroq joy topib arqonini bog‘lashimni bilaman ikkita tug‘ib bersa bo‘ladimi. Bir novvos, bir g‘unajin dunyoga keldi. O‘zimda yo‘q xursand bo‘ldim. Alloh g‘oyibidan berdi-da. Sotib olgan g‘unajinim ikki soat ichida ikki bolasi bor xaridorgir sigirga aylandi qoldi. 14 million so‘mga olgan molimni 16 million so‘mga pulladik. Sotib olgan odam ham xursand bo‘ldi. Sotgan odamning o‘zi ham g‘unajinning qornida ikkita bolasi borligini bilmagan-da.

Mol bozor kunlik yumush bo‘lib qolgan-da. Hobbi biz uchun. Har kuni turli tumanlardagi bozorlarni kezamiz. Aylanasiz, har xil odamlar bilan gaplashasiz. Endi mol bozori hayotimizning bir qismiga aylangan. Otam, ukam, uch kishi chiqamiz. Dallolsiz, olibsotarsiz bozor bozor emas”, – deydi Samandar Nurmatov.

Savdolashishni bilsangiz arzon olasiz
“Jiyanim bilan novvoslarni tomosha qilib, aylanib yuribmiz. Bozorlar yaxshi, nisbatan arzon. Narxlar savdolashishingizga bog‘liq. Savdolashishni bilsangiz arzon sotib olasiz. Yo‘lida qilasiz, sotasiz, yo‘lida qilasiz, olasiz. Mol narxi o‘ynab turadi. Bozor shunaqa narsa-da. Ko‘p bo‘lganda juda arzon bo‘ladi, oz bo‘lsa juda qimmat bo‘ladi. Fermam bor. Unchalik kattamas-u, 20, 25 bosh mol boqamiz. Novvoslarni sotdik, endi kichikrog‘idan yana sotib olyapmiz.

Yaxshi boqsangiz olti oyda bitta moldan bir million so‘mdan foyda qoladi-da. Masalan 15 million so‘mdan novvos olib sakkiz oy boqsangiz, 27-28 million so‘mga yaqin pul bo‘ladi. Molning ko‘pidan qoladi. Bitta-ikkita boqsangiz qoplamaydi. Yo‘lini qilgan odam yem-xashakdan qiynalmaydi. Hammasining mavsumi bor-da. Somon oladigan, silos oladigan, bug‘doy oladigan paytlar bor. O‘sha paytda olsangiz arzon olasiz. Qolgan paytda endi, albatta, qimmat olasiz-da. Molning zoti yaxshi bo‘lsa, zo‘r ketaveradi. Kuniga o‘sadi, kuniga kilogramm qo‘shiladi”, – deydi novvos sotib olgani chiqqan Qurbonjon Saidjonov.
“Xashaklar holatiga qarab bog‘i 30 ming, beda 40 ming, somonlar esa 15 ming so‘mdan sotilyapti. Somon boshida 8 ming so‘m bo‘lgan, hozir narx ko‘tarilgan. Bozorda bitta novvos sotib chiqqan odam to‘rt mashina xashak sotib olib uyiga g‘amlab qo‘yadi”, – deydi bozor chetida xashak sotib o‘tirgan sotuvchilardan biri.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Mavzuga oid
22:00 / 25.08.2025
Kun.uz'da chiqqan 80 yoshli bog‘bon ham davlat mukofoti bilan taqdirlandi
11:21 / 15.08.2025
Uzumchilar qishlog‘i – Oqbiloldan reportaj
13:41 / 06.05.2025
Farg‘onada Nexia 3 va Tico to‘qnashuvida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi jarohatlandi
09:03 / 01.04.2025