O‘zbekiston | 22:20 / 30.09.2025
19176
2 daqiqa o‘qiladi

Tuman va shahar hokimi o‘rinbosarlari soni qisqartirilishi mumkin

Hokimliklar faoliyatini takomillashtirishga doir prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi.

Foto: Getty images

Tuman va shahar hokimliklari faoliyatini takomillashtirishga doir prezident farmoni loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar berdi O‘zA.

Unga ko‘ra, tuman va shahar hokimlari o‘rinbosarlarining sonini 4 nafar etib belgilash taklif qilinmoqda. Bugungi kunda tuman hokimlarining 6 nafar o‘rinbosari bor.

Farmon loyihasiga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar 32 ta tuman va shaharda boshqaruvning yangi tartibi joriy etiladi

Unda 9 ta vazirlik va idoraning hududiy bo‘linmalari hokimlik tuzilmasiga o‘tkaziladi. Jumladan:

- Iqtisodiyot va moliya vazirligi;

- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;

- Qishloq xo‘jaligi vazirligi;

- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi;

- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi;

- Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish vazirligi;

- Madaniyat vazirligi;

- Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi;

- Yoshlar ishlari agentligi.

Ta’kidlanishicha, hokimlar ushbu tuzilmalarga to‘liq rahbarlik qilib, shtat birliklarini mustaqil belgilaydi, kadrlarni tayinlaydi va ozod etadi, rag‘bat yoki intizom choralarini qo‘llay oladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid