Jahon | 11:37 / 30.09.2025
1546
2 daqiqa o‘qiladi

YeI rossiyalik diplomatlarning Yevropa bo‘ylab safarlarini cheklashi mumkin

EUobserver ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya diplomatik missiyasi xodimlarining Yevropa Ittifoqi davlatlari ichida harakatlanishini cheklash taklifi 19-sanksiya paketiga kiritilishi mumkin.

Foto: Iolanda Paz/DW

Bryussel Rossiya diplomatik missiyasi xodimlarining Yevropa Ittifoqi hududida harakatlanishi ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bunday choralar Rossiyaga qarshi 19-sanksiya paketiga kiritilishi mumkin. Bu haqda 29 sentabr, dushanba kuni muhokama qilinayotgan loyihaga tayanib, EUobserver xabar berdi.

Taklif etilayotgan yangi qoidalarga ko‘ra, rossiyalik diplomatlar chegarani kesib o‘tishdan «kamida 24 soat» oldin o‘zi tashrif buyurishni rejalashtirayotgan Yevropa Ittifoqi davlatlari rasmiylarini va o‘z manziliga o‘tish yo‘li haqida xabardor qilishi shart. Bundan tashqari, ular safar uchun to‘liq avtomobil ma’lumotlarini, shuningdek, o‘tadigan chegara o‘tish joylarini va safar sanalarini taqdim etishi kerak. Samolyot, poyezd yoki avtobusda safar qilishda diplomatlar tashuvchining nomini, marshrut kodini yoki ekvivalentini ko‘rsatishi talab qilinadi.

Bundan tashqari, diplomatlarning so‘rovlarini ko‘rib chiqqandan so‘ng, har qanday Yevropa Ittifoqi davlati tushuntirishsiz kirishni rad etish yoki safarga ruxsat berish uchun qo‘shimcha shartlar qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi, deyiladi taklifda. Yangi qoidalar nafaqat diplomatlarga, balki diplomatik vakolatxonalarning ma’muriy-texnik xodimlariga va ularning oila a’zolariga ham taalluqlidir.

Mavzuga oid