Jahon | 13:42 / 01.10.2025
5588
2 daqiqa o‘qiladi

Filippinda zilzila. O‘nlab odamlar halok bo‘ldi

Ted Aljibe / AFP / Scanpix / LETA

Filippinning markaziy qismida 6,9 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 69 kishi halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda Reuters qutqaruv xizmatlariga tayanib.

AQSh Geologiya xizmati (USGS) ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan 30 sentabr kuni soat 22:00 atrofida ro‘y bergan, episentr Sebu provinsiyasi qirg‘oqlari yaqinida joylashgan.

Hudud ma’muriyati ma’lum qilishicha, 150 dan ortiq kishi jabrlangan.

69 kishi halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotni Filippin poytaxti Maniladagi fuqarolik mudofaasi boshqarmasi tasdiqladi. Boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Bernado Alexandro zilzila o‘chog‘iga eng yaqin joylashgan Bogo shahrida 30 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Qutqaruvchilar vayronalarni tozalashda davom etmoqda, deya qo‘shimcha qildi u.

Filippin Qizil Xoch tashkiloti vakili Richard Gordonning CNN telekanaliga ma’lum qilishicha, basketbol o‘yini vaqtida sport majmuasi qulab tushgan San-Remidjio shahrida kamida 13 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlar orasida qirg‘oq qo‘riqlash xizmati xodimlari va bir o‘t o‘chiruvchi ham bor.

Sebu provinsiyasidagi Bogo shahridagi shifoxona «to‘lib ketdi», dedi fuqarolik mudofaasi vakili Raffi Alexandro jurnalistlarga. Ijtimoiy tarmoqlar va OAVda e’lon qilingan suratlarda ko‘priklar va yo‘llardagi yoriqlar, vayron bo‘lgan binolarni ko‘rish mumkin.

Santa-Rosa-de-Lima cherkovi zilziladan keyin. Daanbantayan, Sebu provinsiyasi
AP / Scanpix / LETA
 Sebu provinsiyasidagi Tabogon shahri
Ted Aljibe / AFP / Scanpix / LETA
Filippindagi zilzila qurbonlarining jasadlari
Juanito Espinosa / EPA / Scanpix / LETA

Sebu provinsiyasi hukumati favqulodda holat e’lon qildi, u yerda zilzila tufayli to‘xtab qolgan elektr ta’minotini tiklashga va jabrlanganlarga yordam yetkazishga harakat qilinmoqda.

Mavzuga oid